ALDAMCHI HARAKATLAR - Egilishlar, nihoyasiga yetkazilgan usullar, qarshi usullardan tashkil topgan harakatlar majmuyi bo‘lib, raqibni himoyaga o‘tishga majbur qilish uchun bajariladi yoki tegishli texnikaning amalga oshirilishi oldidan shakllantiriluvchi harakatlarni tashkil etadi.
AN CHAGI - Oyoqda bajariladigan ichki zarba.
AP CHAGI - Tizza ko‘tarilib, to‘g‘ri chiziq bo‘ylab oyoq tagi bilan bajariladigan oyoq zarbasi.
AP DJUMOK CHIRIGI - Oldidagi qo‘l mushti bilan beriladigan zarba.
ASOSIY POZITSIYALAR - Sportchining sparring sharoitida u tomonidan qabul qilinuvchi turish pozitsiyasini ifodalaydigan ochiq va yopiq turish holatlari.
BANDE CHIRIGI - Oyoqqa tayanib, shu oyoq tomondagi qo‘l mushti bilan to‘g‘ridan bajarilgan zarba.
BOG‘LANISHLAR - Usullar, qarshi usullar va ularning ketma-ketlikda bajariluvchi elementlari birligi.
CHAGI - Oyoq bilan beriladigan zarba.
CHAQIRIQ (CHORLASH) - Sporching o‘z raqibini faolroq harakat qilishga majbur qilishini anglatuvchi taktik harakati.
CHIRIGI - Txekvondoda qo‘l bilan beriladigan zarba.
DAN - Taekvondodada sportchining darajasi.
DAYANG - Txekvondoda sakkiz qirrali, 8x8 m o‘lchamga ega, ko‘k yoki qizil rangli musobaqa maydoni.
DOBOK [koreys. do – “yo‘l, bok – “kiyim] - Yengil matodan tikilgan yaktak va shimdan iborat txekvondochilar kiyimi.
DOLLYO CHAGI - Tizza ko‘tarilib, bir vaqtning o‘zida gavda ichkari tomonga, oldinda turgan oyoq tag qismi bo‘yicha aylantirilib, nishonga tomon zarba oyoqning tag qismini ko‘tarish orqali amalga oshiriladigan aylanma oyoq zarbasi.
HUJUMGA QAYTA CHORLASH - Raqibni uning chorloviga javoban chaqiriq ko‘rinishida amalga oshiriluvchi taktik harakatlar.
ILCHA CHAGI - Bitta chiziq bo‘yicha oyoqda zarba berish.
ILGARILAB KETISH - Sportchining hujumga o‘tish harakatlaridan tashkil topgan bo‘lib, raqib hujumi bilan bir vaqtda ushbu harakatlarnng amalga oshirilishi va undan tezroq bajarilishini anglatadi.
JOYINI QAYTA O‘ZGARTIRISH HARAKATLARI - Hujum va himoyada (egilishlar) bilvosita qo‘llaniluvchi, turish holatini o‘zgartirishdan iborat samarali usullar.
KAMJOM - Txekvondoda jarima bo‘lib, ikki marta ogohlantirilganda yoki taqiqlangan harakatlarni bajarish orqali qoida bir marta buzilganda beriladi va bir ballning olib tashlanishiga olib keladi.
KAVICH AGI - Qaychi shaklida oyoqda beriladigan zarba.
KODIP CHAGI - Oyoqda beriladigan qayrilma zarba.
KOMBINATSIYA - Ma’lum bir aniq natijaga erishish uchun amalga oshiriluvchi harakatlar yoki ularning ketma-ketligidan tashkil topgan, tugallangan taktik harakat.
KONCHUNYO CHAGI - Oyoqlar yordamida havoda ketma-ketlikda amalga oshiriladigan zarbalar.
KULLYO CHAGI - Oyoqlarda tepkilash ko‘rinishida amalga oshiriladigan zarba.
KYONGO - Txekvondoda hakam tomonidan sportchining ogohlantirilishi.
MAKKI - Txekvondoda himoya harakati bo‘lib, sportchining barmoqlar va bilakdan foydalanish orqali raqib hujumiga qarshilik ko‘rsatishi ko‘rinishidagi harakatlardan iborat.
MIRO CHAGI - Rostlangan tizza yuqoriga ko‘tarilib, zarba to‘g‘ri chiziq bo‘ylab oyoq tagi bilan, turtki beruvchi harakat ko‘rinishida beriladigan oyoq zarbasi. Bu zarbani bajarishda muvozanatni saqlash uchun gavda biroz orqaga tashlanadi va boshlang‘ich zarba berish holatiga qaytadi: oyoq tezda rostlanib, tayanch holatidagi oyoqning tizzasi biroz bukiladi, tayanch holidagi oyoqning tag qismi aylanish harakatini bajaradi.
MODIM PAL - Bog‘langan kaftlar.
MOM DOLLYO CHAGI - Aylanuvchi gavda bilan oyoq bilan beriladigan zarba.
NAGA CHAGI - Oyoqda ilgaksimon shaklda beriladigan zarba.
NERYO CHAGI - Pastga yo‘naltiriluvchi zarba bo‘lib, oldinda turgan oyoqning tag qismi yordamida bajariladi. Bunda zarba beruvchi oyoqning tizzasi dastlab yig‘ilib, so‘ng oyoq bosh ustida ko‘tariladi va pastga tushiriladi.
NIQOBLANISH - Sportchining o‘z asl maqsadlarini raqibidan yashirishiga xizmat qiluvchi taktik harakatlari.
OLLYO CHAGI - Oyoqda yuqoriga yo‘naltirilib beriladigan zarba.
OSANTUL YOP CHAGI - Qo‘llar keng yoyilgan holatda oyoqda amalga oshiriladigan zarba.
PAKKAT CHAGI - Oyoda bajariladigan tashqi zarba.
PAKKAT NERYO CHAGI - Pastdan tashqi yo‘nalishda bajariladigan oyoq zarbasi.
PAKXUO CHAGI - Ikkita oyoqda navbatma-navbat beriladigan zarba.
PANDAL CHAGI - Juftlangan oyoq bilan beriladigan zarba.
PUMSE - Rasmiy harakatlar majmuyi bo‘lib, txekvondo ruhiyatining mohiyati va texnik san’at tizimlarini ifodalaydi. Pumse tana va aqlning mashg‘ulotlarida xulq-atvorga xos shakli bo‘lib, hujumga o‘tish va himoyalanish tamoyillarini o‘zida aks ettiradi. Pumse texnik jihatdan tayyorgarlik ketma-ketligida o‘ziga xos ko‘rinishdagi ilmiy shakl bo‘lib, txeekvondoda xayoliy raqib bilan hujumga o‘tish va himoyaga o‘tish harakatlarini amaliyotda sinovdan o‘tkazish vositasida taekvondoni o‘rganish usuli hisoblanadi.
PXAL KORI - Asosiy yoki yordamchi usul elementi bo‘lib, oyoq bilan to‘siq qo‘yishdir. Bunda sportchi raqibining oyoq kafti qismiga chang soladi.
PXUTO CHAGI - Oyoqda uzatilgan ko‘rinishda beriladigan zarba.
PXYODJOK CHAGI - Oyoqda nishonga olish ko‘rinishida beriladigan zarba.
QARSHI USUL - Raqib qo‘llagan usulga qarshi javob usuli.
QO‘SHALOQ ALDASH - Raqibning amalga oshiruvchi usuli yolg‘ondakam ko‘rinishda deb fikrlashi ko‘rinishida raqibning taktik harakatlanishi.
SOGI - Txekvondoda sportchining turish holati.
SUKO CHAGI - Oyoqda aralash shaklda beriladigan zarba.
TABANXYAN CHAGI - Turli yo‘nalishlarda oyoqda beriladigan zarba.
TAEKVONDO TEXNIKASI - G‘alabaga erishish uchun qo‘llaniluvchi, sportchiga foydalanish uchun ruxsat etilgan qoidalar asosidagi harakatlar yig‘indisi.
TAHDID - Sportchining raqibni himoyadan chiqishga majburlovchi taktik harakatlari.
TAKRORIY HUJUM - Bir xildagi harakatlar ketma-ketligi qatori amalga oshirilishini ko‘zda tutuvchi taktik harakat bo‘lib, bunda ulardan faqat so‘nggisi hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi, qolganlari esa aldamchi harakatlardan tashkil topadi.
TAKTIK TAYYORGARLIK USULLARI - Sportchining hujumga o‘tish va qarshi hujumga o‘tishi uchun qulay sharoit yaratishiga xizmat qiluvchi harakatlari.
TI CHAGI - Orqadan beriladigan oyoq zarbasi bo‘lib, bunda og‘irlik markazi oldinda turgan oyoqqa tashlanadi, gavda qismi 180° ga buriladi, yozilgan tizza ko‘tarilib, oyoq barmoqlari bilan orqa yo‘nalishda zarba bajariladi.
TUPALDANSAN CHAGI - Ikkita oyoqda navbat bilan beriladigan zarba.
TVIT CHAGI - Oyoqda orqaga beriladigan zarba.
TVIT DJUMOK CHIRIGI - Orqadagi qo‘l mushti bilan beriladigan zarba.
TXEKVONDO [koreys. тхэ – “bosmoq”, kvon – “musht”, do – “yo‘l, usul, ta’lim”] - Zarba berish uchun ham, himoyalanish uchun ham oyoqlar faol ishlatiladigan koreys jang san’ati. 1988 va 1992-yillarda txekvondo yozgi Olimpiya o‘yinlarida ko‘rgazmali sport turi bo‘lgan. 200-yilgi Sidney olimpiadasidan boshlab yozgi olimpiadalarda txekvondo bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib kelinadi. Musobaqalar erkak va ayollar o‘rtasida o‘tkazilib, 8 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boriladi.
USULLAR KOMBINATSIYASI - Raqibning bitta usuldan himoyalanishi davomida navbatdagi usulning amalga oshirilishi uchun qulay sharoit tug‘ilishi asosida bajariluvchi usullar birligi.
XANPALRO CHAGI - Bitta oyoqda bajariladigan zarba.
XURYO CHAGI - Oldingi va orqa oyoq bilan ham bajarish mumkin bo‘lgan o‘rama zarba bo‘lib, tayanch holatidagi oyoqning tag qismi aylanishi asosida bajariladi, zarba beruvchi oyoqning tizzasi yig‘ilib, siltovchi aylanish harakati bilan tizza rostlanadi va oyoqning tovoni yoki barmoqlari bilan yuz sohasiga zarba beriladi.
YOP CHAGI - Yonlama oyoq zarbasi bo‘lib, bunda gavda tayanch holatidagi oyoq tagi bo‘ylab buriladi, so‘ng rostlangan holatdagi oyoq to‘g‘ri chiziq bo‘ylab oyoq tagi chekka qismi va barmoqlar bilan zarba beriladi.