AG‘DARISH - Yunon-rum va erkin kurashda kurashchi raqibni gilamdan ko‘tarmasdan turib, uni ko‘krakda yotgan holatdan yelkaga yotqizish.
ARBITR - Bellashuvga bevosita hakamlik qiladigan, bellashuvning borishini boshqaradigan, kurashchilar harakatini baholaydigan va bellashuvning musobaqalar qoidasiga muvofiq o‘tishini kuzatadigan shaxs. U bellashuvni boshlash haqida signal beradi, bellashuvni to‘xtatadi va yakunlaydi, yon hakam yoki gilam rahbarining maʼqullashiga qarab, bellashuvni tik turishda yoki parterda davom ettirishni belgilaydi. Arbitr bellashuvni kurashchilar harakatlari yoki amalga oshirayotgan usullari aniq ko‘rinadigan joyda turib kuzatishi kerak.
ARMRESTLING [ing. arm – qo‘l, wrestling – kurash] - Bir-biri qarshisida o‘tirgan raqiblar kaftlari bilan o‘zaro ushlashib, bilaklarini stolga tirab, raqib qo‘lini stolga yotqizishga harakat qilinadigan sport kurashi turi. Armrestling sport turi sifatida XX asrning 60-yillarida shakllandi. Ushbu sport turi qoidalarining soddaligi, nafaqat sog‘lom kishilar, balki nogironlar uchun ham mosligi, ehtirosga boyligi va tomoshabopligi tufayli keng tarqala boshladi. Armrestling bo‘yicha birinchi jahon chempionati 1962-yilda AQS hning Petaluma shahrida o‘tkazilgan. Hozir da armrestlingning 6 ta turi qayd etilgan. Sport turi sifatida aremrestling O‘zbekistonda 1991-yilning oxirida paydo buldi. Shu yili respublika federatsiyasi tashkil qilindi. O‘zbek armrestlinchilari katta muvaffaqiyatlarga erishganlar. U.Axmedov uch karra jahon chempioni, Y.Qodirov – jahon chempioni, E.Shafronova va M.Sharapov – jahon chempionati sovrindorlari bo‘lishgan.
ASOSIY HOLAT - Sambo kurashida asosiy holatda harakatlanish texnikasi. U yuqori (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) va past holat bilan farqlanadi. Ularning har biri o‘ng, chap va frontal bo‘lishi mumkin.
AYLANIB O‘TISH - Kurashchining tik turishda bajaradigan asosiy harakatlardan biri bo‘lib, bunda kurashchi raqibdan aylanib o‘tadi.
AYLANIB TASHLASH - Kurashchi gavdasini vertikal o‘q bo‘ylab aylantirib, keyin yiqilish orqali amalga oshiriladigan usul.
AYLANMA HARAKATLAR - Raqib turli tomondan hujum qilish imkoniyati mavjud bo‘lganda yuzaga keladigan harakat. Bunda kurashchi bir joyda turgan holatda faraz qilingan tik o‘q atrofida o‘ng va chap tomonlarga raqibga nisbatan vaziyatini o‘zgartiradi, ya‘ni aylanadi. Mazkur holatda ham asosiy texnik elementlar oyoqlarning yelka kengligida, gavdaning biroz egilgan holatda bo‘lishi, qo‘llarning doimiy himoya holatida turishi hisoblanadi. Burilish jarayonida tayanch oyoq shunday holatda bo‘lishi lozimki, bunda kurashchi gavdasi og‘irlik markazi doimiy muvozanat holatida, kurashchi gavdasi doimiy tik o‘q atrofida aylanishda bo‘lishi kerak. Aylanma harakatlar raqib bir joyda turib qolganda unga hujum qilish uchun turli tomonlardan hujum qilishda ham qo‘llaniladi.
BAHO VA OGOHLANTIRISHLAR RAQAMLARI - Kurash musobaqasidagi baholar. 10, 5, 3, 1, 0 bilan eʼlon qilinadi, ammo ularning umumiy soni jamlanmaydi.
BALAND PARTER - Erkin va yunon-rum kurash turlarida parter holatlaridan biri bo‘lib, bunda kurashchi gilamga tizzalari bilan cho‘kkalagan, bilaklari bilan unga tayangan bo‘ladi.
BARDOR - Kurash usuli. Kurashchi usuliga mos ravishda raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, raqibini ko‘tarib uloqtiradigan barcha usullar 'Bardor' deb nomlanadi.
BARDOR USULLARI - Kurashchi usulga mos ravishda raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, raqibini ko‘tarib uloqtiradigan barcha usullar majmuyi.
BEKOR - Olishuv to‘xtatilganda keyingi harakatlar uchun yoki bajarilgan usul baholashga noloyiq deb topilgan vaqtda ishlatiladigan ibora. Hakam qo‘lini kafti yon tomonga qaratgan holda (barmoqlari jipslashgan) oldinga cho‘zib ikki-uch bor chapga va o‘ngga harakatlantirib ishora qiladi.
BELBOG‘LI KURASH - O‘zbek xalq yakka kurashining bir turi. Kurash tushuvchilar 14x14m dan 16x16m gacha bo‘lgan, chetroq qismi qizil rangli 'xavfli chiziq' bilan belgilangan ko‘k-yashil tusli kurash gilamida tik turgan holatda bellashadilar. G‘olib ishlatilgan usullar va maydondagi xatti-harakatlariga qo‘yiladigan baholarga qarab aniqlanadi. Kurashda bo‘g‘ish, raqibga og‘riq beruvchi usullar qo‘llashga ruxsat etilmaydi, kurashuvchilarning biri ko‘k, ikkinchisi yashil rangli yaktak (ayollar yaktak ichidan oq rangli futbolka) kiyadi, belga eni 4-5 sm li tasma (belbog‘) bog‘lanadi, erkaklar 60, 66, 73, 81, 90, 100kg va 100kg dan ziyod, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78 va 78kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar (bolalar, o‘smirlar, o‘spirinlar, yoshi ulug‘lar va qizlar musobaqalarida ham yosh xususiyatlari hisobga olingan holda vazn toifalari belgilanadi). Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning 2003-yil Toshkentda o‘tgan kongressi har bir uchrashuvning qizg‘in bo‘lishini ta’m-inlash maqsadida rasmiy musobaqalarda bellashuv vaqtini 3 daqiqa qilib belgiladi. Ishlatilgan usullarga bajarilishiga mos ravishda 'chala', 'yonbosh', 'halol' baholari, qoidaga zid harakatlarga esa 'tanbeh', 'dakki', 'g‘irrom' jazolari beriladi. Kurashuvchi 'halol' bahosini olsa (yoki raqibi 'g‘irrom' bilan jazolansa) bu uning g‘alabasini bildiradi. Ikki bor 'yonbosh' bahosini olish (yoki raqibining ikki bor 'dakki' deya jazolanishi) ham g‘alabani anglatadi. 'Chala' baholari hisobga olib boriladi va h.k. Ballar tengligida oxirgi baho olgan kurashchiga g‘alaba beriladi. Kurashchilarning baho va jazolari soni teng holatda baho ustunlikka ega bo‘ladi, jazolar soni teng bo‘lsa, oxirgi jazo olgan mag‘lub hisoblanadi. Agar barchasi teng (yoki baho va jazo olinmagan) bo‘lsa, g‘olib hakamlarning ko‘pchilik ovoziga ko‘ra e‘lon qilinadi.
BEVOSITA HIMOYALANISH - Raqib hujumini to‘xtatishga qaratilgan himoya turi. Bevosita himoyalanish samaradorligi uning o‘z vaqtida bajarilishiga bog‘liq. Bevosita himoyalanish usul boshida, usulni bajarish davomida yoki usulni bajarish oxirida amalga oshirilishi mumkin.
BIRLASHGAN KURASHLAR OLAMI [ing. United World Wrestling] - Olimpiya sport turlaridan bo‘lgan yunon-rum kurashi, erkin kurash va ayollar kurashi xalqaro federatsiyasi. 2006-yildan buyon u greppling, pankration, sohilbo‘yi kurashi, aralash yakkakurashlar va etnosport kabi turli xalqlar kurashining an’anaviy turlarini ham namoyish etadi. Federatsiya ingliz va fransuz tillarida faoliyat yuritadi. Jahondagi eng yirik va ta’sir doirasi katta sport tashkiloti hisoblanadi. Hozirgi paytda u bir yuz ellikka yaqin sport kurashi bo‘yicha milliy federatsiyalarni birlashtiradi. O‘zbekiston unga 1993-yilda a’zo bo‘lgan. 2014-yilgacha ushbu tashkilot Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasi (FILA) deb nomlangan. FILAning 2014-yilgi Toshkentdagi kongressida federatsiya nomi Birlashgan kurash olami (UWW) deb o‘zgartirildi. Ammo fransuzcha Fédération Internationale des Luttes Associées nomi saqlanib qoldi. O‘zbekistonlik Axrol Ro‘ziyev FILA byurosining vitse-prezidenti hisoblanadi.
BOSH HAKAM - Musobaqaning kurash qoidalariga asosan tashkil qilinishi va o‘tkazilishiga ma’sul shaxs. Bosh hakam ko‘rsatmalarini kurashchilar, guruh boshliqlari, murabbiylar, hakamlar va barcha qatnashchilar bajarishlari shart.
BOSH HAKAM VAZIFALARI - Musobaqaning kurash qoidalariga asosan tashkil qilinishida bosh hakam zimmasidagi vazifalar bo‘lib, u quyidagilardan iborat: - musobaqa o‘tkaziladigan joy (sport zali yoki stadion), anjomlar va gilamlarning tayyorlanishini tekshiradi; - qur’a tashlash jarayonida kuchli kurashchilarni ikki guruhga bo‘ladi; - hakamlarni gilamlarga taqsimlaydi; - musobaqa jadvalini tuzadi; - kurashchilarni tarozida tortish uchun hakamlarni belgilaydi; - har bir olishuv uchun hakamlarni tayinlaydi va ularning harakatlarini nazorat qilib boradi; - musobaqa boshlanishidan oldin hakamlar hay’atining majlisini o‘tkazadi; - musobaqa davomida har kuni musobaqalardan so‘ng hakamlar hay’ati, murabbiylar, jamoalar vakillari bilan birgalikda shu kuni musobaqaning natijalarini va hisobotini ko‘rib chiqadi, kamchilik va nuqsonlari o‘z huquqi va imkoniyati doirasida bartaraf qiladi; - agar zururiyat bo‘lib qolsa, hakamlar hay’ati majlisini har qanday - hakamlarning musobaqaga tayyorligini va musobaqa jarayonini baholab boradi; - musobaqadan keyin uning qay darajada tashkil qilinganligi va o‘tkazilganligi haqida yozma hisobot bayonini to‘ldirib, tegishli tashkilotga topshiradi.
BOSH KOTIB - Musobaqa qatnashchilari mandat komissiyasidan o‘tayotgan vaqtda kurashchilarning hujjatlarini tekshiruvchi, hakamlar hay’atining majlisini, musobaqa va olishuv bayonnomalarini, kurashish tartibini va boshqa hujjatlarni yozib boruvchi hakam.
BOSH TOVOQ // POLVON TOVOQ - Davra kurashida o‘rta ga tushib kurashadigan polvonlardan g‘olib bo‘lgan kurashchi uchun beriladigan katta sovrin, еng kuchli polvonlarni aniqlash uсhun davra kurashining udumlariga ko‘ra kashf etilgan. Kim g‘olib сhiqsa, unga davrada boshqa talabgor сhiqmasa, bunday polvonlarga 'bosh tovoq' berilgan. 'Bosh tovoq'ni olgan polvonga еng qimmatbaho sovg‘a to‘y egalari tomonidan topshirilgan.
BOSIB TURISH - Kurashchining ko‘prik holatida turgan raqib kuragini gilamga tekkazishga qaratilgan harakati.
BO‘G‘ISH - Bo‘yinni qisish bilan bog‘liq, natijada raqib bo‘g‘ilish his qiladigan usul.
BUXOROCHA KURASH - Kurashning tik turgan holda, beldan pastni ushlamasdan, qalmoqi qilib yiqitish usuli. Bu kurashning asosiy usullari raqibni oshirib otish, qalmoqi, qoqma, ichki tomondan poypechak qilib ag‘darib, raqibning yelkasidan ushlab, tizza tomon bilan ilmoq qilib yelkadan oshirib tashlashdan iborat. Buxoro, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida rasm bo‘lgan.
CHALISH - Raqibga gilamda harakatlanishga xalagit berish maqsadida oyoqning orqa yoki yon qismini uning bitta yoki ikkita oyog‘i tagiga qo‘yib to‘sish.
CHALISHTIRILGAN BOLDIRDAN USHLASH - Kurashchi bajaradigan harkatlardan biri bo‘lib, bunda raqib oyog‘ini o‘z oyog‘i bilan o‘rab oladi.
CHALISHTIRILGAN QO‘LLAR BILAN USHLASH - Raqibning gavda qismi yoki kiyimidan chalishtirilgan qo‘llar bilan ushlab olish.
CHIL // CHIL USULLARI - Kurash usuli. Kurashchi raqibining qulay joyini ushlab, muvozanatdan chiqarib, o‘zigi ishonch hosil qilib, chap yoki o‘ng oyog‘i bilan raqibining oyog‘idan ildirib qilinadigan barcha usullar.
CHIRMASH - Raqib oyog‘ini shunga mos oyoq bilan boldir va oyoq kafti yordamida ilib olgan holda ushlab turish yoki chetga turtish.
CHO‘KKALASH - Kurashchi oyoqlarini oldiga uzatib o‘tirish orqali raqib orqasiga o‘tib oladigan harakat.
DAKKI - Hakam tomonidan ikkinchi ogohlantirishda ishlatiladigan ibora. Hakam qo‘lini musht qilib tirsagidan bukib ishora qiladi (Qo‘l barmoqlar musht holiga kelgan va kaft old tomonga qaragan bo‘lishi kerak). 'Dakki' 'Tanbeh'dan keyin ikkinchi, unchalik katta bo‘lmagan xatoga yo‘l qo‘ygan kurashchiga e‘lon qilinadi.
DASTLABKI HIMOYALANISH - Raqib usulni amalga oshirishdan avval bajariladigan himoya turi.
DASTLABKI USHLASHLAR - Kurashda qulay boshlang‘ich pozitsiyasini ta’minlaydigan harakatlar. Ular keyingi asosiy tortishishlarni va ular bilan birga tashlashni ta’minlaydi. Ushbu harakatlarning to‘g‘ri bajarilishiga e’tiborni jamlash muhimdir.
DAVRA KURASHI - Jang va musobaqa kurashidan farqli ravishda to‘y-u tomoshalarda, sayllarda, bayramlarda doira shaklidagi tekis, lekin qattiq yerda o‘tkaziladigan kurash turi. Kurash davra bakovuli tomonidan boshqarib borilgan. Davra bakovuli kurash maydoniga ko‘zga ko‘ringan va o‘zi xohlab turgan polvonni сhaqirib, uni qisqa сha tanishtirgandan keyin, сhaqirilgan polvonga 'davrani aylaning' deb xitob qiladi. Davraga сhiqqan polvon kurash maydonini bir marotaba aylanib, o‘z joyiga kelib o‘tiradi. Shundan keyin bakovul qattiq ovoz bilan 'Talabgorlar bo‘lsa kurash maydoniga сhiqsin!' deydi. Shunda talabgor polvon davraga сhiqadi.
DZYUDO - Qurolsiz qo‘l jangi san’ati, 'yumshoq yo‘l' ma’nosini anglatib, yaponcha djiu - djitsu kurashining asosi hisoblanadi. Tana va ruh uyg‘unlashuvi ustida ish olib borgan doktor Dzigaro Kano asos solgan. Dastlab Yaponiyada bo‘lib o‘tgan chеmpionatdan dunyo mamlakatlari Yevropa (Parijda), Braziliyada, Gерmaniya (Myunхен)da, so‘ngra O‘zbekistonda ham paydo bo‘ldi. Dzigari Kano (1860 -1938) Yaponiyalik jang san’ati ustasi, zamonaviy dzyudoning otasi. Talabalik yillaridanoq u tana va ruh uyg‘unlashuviga erishish mumkinligi ustida jiddiy fikr yuritdi. 18 yoshga kelib unda yangi kurash turini yaratish qarori paydo bo‘ldi. Kano risoladagidek jismoniy qobiliyatlarga ega bo‘lmasa-da, qisqa vaqt ichida djiu-djitsu, karate, sumo va boshqa milliy kurash turlarining ko‘p sonli usullari texnikasini egallab oldi. Ular ichidan еng samaralilarini tanlab olib hamda xavfli ushlashlar va zarbalarni сhiqarib tashlab, yangi tizim kurashi - dzyudoni yaratdi.
EKS-CHEMPION [eks.. + chempion] - Sobiq chempion; hozirgidan avvalroq sportning ma’lum bir turi bo‘yicha birinchilikni olgan (g‘olib bo‘lgan) sportchi yoki sport jamoasi.
ERKIN KURASH - Yakkakurash sport turlaridan biri. Ikkita kurashchining muayyan qoidalar asosida, changallash, tashlash, aylantirish, qoqish kabi turli usullarni qo’llab kurashidan iborat sport turi. Kurashchi raqibni kuragiga yotqizish yoki 10 ballik farqni yuzaga keltirishga harakat qiladi. Yunon-rum va belbog‘li kurashdan farqli o‘laroq erkin kurashda oyoqni qo‘l bilan ushlash, qoqish va biror usulga kirishda oyoqlarni ishlatishga ruxsat etilgan. Erkin kurash musobaqalari diametri 9 m (yoki o'lchami 12x12 m) sport maydonida o'tkaziladi. Erkaklar 55, 60, 66, 74, 85, 97 va 120 kg, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78, 79 kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar. Musobaqalashish vaqti 2 daqiqadan 3 davra, davralar orasidagi tanaffus 30 sekunddan bo‘ladi. Erkin kurashda siltab tortish, qayirib va aylantirib tashlashga, oyoq qismidan ushlab usullar bajarishga ruxsat etiladi. Bajarilgan usullar 5 (sof g‘alaba), 4 (texnik ustunlik yoki chetlatish), 3, 1 ochko bilan baholanadi. G‘olib to‘plagan ochkolariga ko‘ra aniqlanadi. Zamonaviy erkin kurash Angliyada shakllangan. XVIII asrdanoq bu yerda kurashchilarga hujum vositalarini tanlashda keng imkoniyat berilgan kurash shakli bo‘lgan. XIX asrda Yevropada professional kurash jadal rivojlandi, so‘ng Amerikani ham zabt etdi. Shimoliy Amerikada erkin kurashni targ‘ib qiluvchi yoshlar sport to‘garaklari paydo bo‘la boshladi. 1904-yilda AQSH da o‘tkazilgan uchinchi Olimpiya o‘yinlarida amerikaliklar mezbon huquqlaridan foydalanib, birinchi bor olimpiya dasturiga yunon-rum kurashi o‘rniga erkin kurash musobaqalarini kiritdilar. Hamma ishtirokchilar AQSh vakillari bo‘lgani uchun boshqa davlatlar vakillari bu musobaqalarda ishtirok etmadilar. 1908-yilgi Olimpiya o‘yinlarida ikkita kurash turi bor edi. Biroq 1912-yilda Shvetsiyada o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida tashkilotchilar erkin kurashni Olimpiya dasturiga kiritmadilar. 1920-yilgi Belgiyadagi Olimpiya o‘yinlaridan boshlab erkin kurash doimiy ravishda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi. Birinchi Yevropa chempionati 1929-yilda Parijda, birinchi jahon chempionati esa 1951-yilda Tokioda o‘tkazildi.
ERKIN KURASHCHI - Erkin kurash bilan shug‘ullanadigan sportchi. O‘zbekistonlik kurashchilar xalqaro maydonda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdilar. Bular ikki karra olimpiya chempionlari, bir necha bor jahon chempionlari Arsen Fadzayev va Maxarbek Xadarsev, shuningdek, uch karra jahon chempioni Aslan Xadarsevlardir. Shular qatorida E.Abduramanov, E.Yusupov, L.Shepilov, AXaymovich, R.Ataulin, X.Zangiyev, R.Islamov, A.Ochilov, D.Zaxartdinov va R.Xinchagovlar ham katta yutuklarga erishganlar. Mustaqil O‘zbekiston tarixida erkin kurashchimiz Artur Taymazov Olimpiada o‘yinlarida kumush va oltin medallarni (2000, 2004), Razambek Jamalov oltin medalni (2024), Magomed Ibragimov kumush va bronza medallarni (2004, 2016), Ihtiyor Navro‘zov, Bekzod Abdurahmonov (2020) va G‘ulomjon Abdullayevlar (2024) bronza medallarni qo‘lga kiritdilar.
EʼLON QILUVCHI HAKAM - Musobaqaning kun tartibini, qaysi vazn toifasida, kimlar o‘rtasida olishuv bo‘lishini, qaysi kurashchilar olishuvga tayyorlanib turishini eʼlon qilib boruvchi, gilamga chiqqan har bir kurashchi haqida, gilamni boshqarayotgan hakam va gilamdagi hakamlar haqida tomoshabinlarga maʼlumot berib boruvchi hakam.
FARG‘ ONACHA KURASH - Raqiblar tik turgan holda, oldinda belbog‘idan ushlanadi, bellashuv paytida ham qo‘yib yuborilmaydi. Raqibni yerdan ko‘ tarib, oyoq harakatlari bilan yiqitiladi. Bu kurashning xarakterli usullari: irg‘ itish, raqibni, avvalo, yerdan uzib irg‘tish, raqibni egib, aylantirib, boshini gilamga tegizmasdan irg‘itish, raqibni aylantirib yiqitish, raqibni sonidan ushlab, qayirib yelkadan oshirib yiqitish. Ushbu kurash turi Farg’ona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hududlarida rasm bo‘lgan.
FRANSUZCHA KURASH - Yunon-rum kurashining XX asr o‘rtalarigacha bo‘lgan nomi. XVIII-XIX asrlarda Yevropada, ayniqsa, Fransiyada kurash bilan qiziqish qayta tiklana boshlagan. Ko‘p sonli professional kurashchilar sirklarda va yarmarkalarda o‘z sanʼatlarini namoyish qilardilar. Shaharlarda alohida kurashchilar guruhlari paydo bo‘la boshlagan. Natijada professional kurashchilar o‘rtasida shaxsiy birinchiliklar, Fransiya chempionati, keyinchalik jahon chempionatlari o‘tkazila boshlandi. Asta-sekin fransuzlar kurashi boshqa Yevropa davlatlariga kirib bordi. Bu kurash turi Yevropaning hamma davlatlarida “fransuzcha kurash” nomi bilan keng tarqaldi. Keyinchalik kurashning Qadimgi Yunoniston, Qadimgi Rimda rivojlanganligini hisobga olib, fransuzcha kurashga “yunon-rum” kurashi nomi berildi.
FRONTAL HOLAT - Kurashchining jangovar holati: tanasi oldinga egilgan, oyoqlari bir-biridan ancha uzoqda va tizzalar pastga egilgan, qo′llar oldinga cho′zilgan.
GILAM RA H BARI - Arbitr va yon hakam ishini muvofiqlashtirib turadi gan hakam. U bellashuvning borishini dikkaat bilan kuzatadi, musobaqa ni qoidalarga muvofiqlashtirib boradi. Hakamlar hamda sportchilarni baholab boradi. Arbitr va yon hakam qarorlar farq qilgan holatda, u o‘z qarorini chiqarishga haqli, bunda avval yon hakam va arbitr fikrini eshitadi, birinchi bo‘lib fikrini bildirmaydi.
GREPPLING [ing. grapple – ushlash] - Sambo, dzyudo kabi kurashlardagi kabi tashlash va tashlash texnikasini qamrab olgan yakkakurash turi. Bunda asosiy eʼtibor og‘ritish usullariga qaratilgan. Greplingda badanga yopishib turadigan maxsus kiyim – rashgard kiyiladi. Boshqa sport turlari kabi kiyimdan ushlash imkoniyati mavjud emas. Tashlashni turli holatlardan amalga oshirish mumkin, yaʼni grepplingda usulni amalga oshirish imkoniyati yuqori.
HAKAMLAR LIBOSI (FORMASI) - Qora kostyum va shim, qora paypoqlar, oq ko‘ylak va qora galstuk.
HALOL - Kurashchilardan bittasi sof g‘alaba qilgan vaqtda ishlatiladigan ibora. Hakam kafti bilan oldinga qaratgan holda yuqoriga ko‘tarib (barmoqlar jips holda) ishora qiladi: a) ikki “yonbosh” bahosi olsa; b) raqibga usul ishlatib o‘zi ikkala kuragiga yiqilsa; s) raqibiga “g‘irrom” berilsa; d) “yonbosh” olgan holda raqibda “dakki” bo‘lsa; g) raqib 3 daqiqa ichida gilamga chiqmasa beriladi.
HIMOYALANISH - Kurashchining hujum qiluvchi amalga oshirayotgan usulni to‘xtatishga qaratilgan harakati. Himoyalanish dastlabki va bevosita kabi himoyalanish turlariga ajratiladi.
HIYLA ISHLATISH - Kurash usulini muvaffaqiyatli qo‘llash, tashabbusni o‘z qo‘liga olish, himoya va qarshi hujum uchun qulay payt tanlash uchun raqibining hushyorligini yo‘qotish, chalg‘itish va o‘zi o‘ylagan rejasini amalga oshirish maqsadida soxta harakatlarni qo‘llash. Kurashchi raqibini ushlab olish, turli xilda siljish, o‘ziga qulay sharoitlar yaratish hamda tayyorlovchi harakatlar qilishi mumkin.
ILISH - Tizzalardan bukilgan oyoq bilan raqib oyog‘ini ushlab turish yoki chetga turtish.
JANGOVAR SAMBO - Turli usullar qo‘llash, himoya va hujum taktikalarini qo‘llashdan iborat sambo turi. Jangovar samboda qo‘l va oyoqlar bilan zarba berish, raqibni ushlash, tashlash, og‘ritish kabi usullarni qo‘llashga ruxsat berilgan. Jangovar sambo imkoniyatlari ko‘proq, unda nokdaun va nokautlar mavjud. Bu raqibga muddatdan avval g‘alaba qozonish imkoniyatini beradi. Jangovar sambo huquqni muhofaza qilish xodimlarini tayyorlashda qo‘llanadi, chunki bu ko‘nikmalar xizmat vazifalarini bajarishda asqotadi.
JAZO - Bellashuvning yarim vaqtigacha kurashchilar tomonidan hech qanday usul bajarilmagan holatda hakam tomonidan ishlatiladigan ibora. Kurashchilarning hech biri ogohlantirish yoki baho olmagan bo‘lsa, hakam bellashuvni to‘xtatadi va “jazo”ni e’lon qiladi. “Jazo”ni e’lon qilganda, hakam o‘ng qo‘lini musht bilan ko‘tarib, “jazo”ni baland ovoz bilan aytishi kerak. “Jazo” bellashuvda faqat bir marta e’lon qilinishi mumkin. Agar “jazo” davrida kurashchilar bir vaqtning o‘zida va bir xil tarzda yon tomonga yiqilsa, unda yana bir bor kurashni “jazo” holatida boshlash kerak.
JISMONIY TAYYORGARLIK - Sport turidan qat’iy nazar, sport faoliyati uchun zarur bo‘lgan jismoniy fazilatlarni, qobiliyatlarni tarbiyalash. Jismoniy tayyorgarlik maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlikka ajratiladi.
JIU-JITSU [yap. dzyu – yumshoq, egiluvchan; dzyutsu – texnika, usul] - Tashlash, zarba, og‘ritish va bug‘ish kabi usullar qo‘llanadigan yapon qo‘l jangi san’ati. Tarixan Yaponiyada yuzaga kelgan va samuraylar egallashi kerak bo‘lgan ko‘nikmalardan biri bo‘lgan. Samuray qurolsiz qolib, faqat qo‘llari bilan himoyalanishga majbur bolgan hollarda foydalanilgan.
KALIT - Hujum uyushtiruvchi tomonidan raqibni nomdosh qo‘lining tirsakdan bukilgan joyidan tirsak bukilgan joyi bilan ushlab olish va qo‘l kaftini yelkaga qo‘yish.
KODOKAN - Birinсhi dzyudo maktabi (Usulni egallash uyi), 1882-yilda dzyudo asoschisi Kano tomonidan Tokioning Eyse ibodatxonasida ochilgan.
KOTIBLAR - O‘z gilamidagi bayonnomalarni, olishuv baholarini va ogohlantirishlarini nazorat qog‘oziga yozib boruvchi hakam.
KO‘PKURASHCHI - Sportning ko‘pkurash turi bilan shug‘ullanadigan sportchi.
KO‘PRIK - Yunon-rum va erkin kurashdagi holatlardan biri bo‘lib, bunda kurashchi orqaga egilib, taxminan yelka kengligida yozilgan oyoq kaftlari va boshining istalgan qismi bilan gilamga tayanadi. Kurashchi kuragini gilamga tekkizmasligi va mag‘lub bo‘lmasligi uchun ko‘prik holatini egallaydi. Erkin va yunon-rum kurashida ko‘prik bir holatda qator hujum hamda qarshi hujum harakatlarini bajarishda asosiy elementlardan biri hisoblanadi.
KO‘TARIB YUBORISH - Raqibni son (boldir) bilan o‘z oldidan yuqoriga ko‘tarib yuborish.
KURASH - O‘zbek milliy sport turi. Yiqitish, g‘olib chiqish uchun ikki kishi o‘rtasidagi, ma’lum qoidaga asoslangan olishuv, o‘zaro bellashuv. Kurash oʻzbekcha soʻz boʻlib, uch yarim ming yillik tarixga ega. U qator qadimiy sharq adabiy manbalarida yakkama-yakka olishuv va ijtimoiy koʻngilochar sport turi sifatida tilga olingan. Alpomish eposida kurash olis oʻtmishda Orta Osiyo xalqlarida ommaviy tus olgan eng sevimli va nufuzli sport turi bo‘lganligi qayd etiladi. Qadimda va oʻrta asrlarda yashab ijod etgan qator faylasuf va tarixchilar oʻz asarlarida kurashni alohida ehtirom ila tilga olganlar. Kurashish san’ati koʻp xalqlarda qadim zamonlardan buyon maʼlum. Kurash, ayniqsa, Yunonistonda keng tarqalib, qadimgi olimpiyada musobaqalaridan doimiy oʻrin olib kelgan. Milliy kurashning xilma-xil koʻrinishlari Gretsiya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Rossiya, Oʻzbekiston, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarda mavjud. Zamonaviy sport kurashining asosiy qoidalari XVIII asr oxiri — XIX asr boshlarida Yevropaning bir necha mamlakatlarida ishlab chiqildi. 1912-yil Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasi (FILA) tuzildi (hozir unga 144 mamlakat, Oʻzbekiston 1993-yildan a’zo). Xalqaro maydonda sport kurashining Yunon-rum kurashi, erkin kurash, dzyudo, sambo va boshqa turlari keng tarqalgan. Keyingi yillarda oʻzbek kurashi ham alohida kurash turi sifatida dunyo miqyosida tan olina boshlandi.
KURASH BO‘YICHA I JAHON CHEMPIONATI - 1999-yil 1-2-may kunlari O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahrida o‘tkazilgan. Musobaqa uchta vazn toifasida bo‘lib o‘tgan va uchala vazn toifalarida ham o‘zbekistonlik polvonlar g‘olib bo‘lishgan.
KURASH GILAMI - Sport yakkakurashlarida qo‘llanadigan, maxsus vinil qoplama bilan qoplangan mustahkam va egiluvchan materialdan qilingan mat o. Klassik gilam o‘lchami 12×12 m bo‘lib, unda turli rangdagi doiralar chizilgan bo‘ladi. Masalan, olimpia kurash gilamida ogohlantiruvchi (9 m), asosiy kurash zonasi (7m), jarima zonasi kabi doiralar chizilgan.
KURASH LIBOSI - Ko‘k yoki yashil yaktak, qizil belbog‘ va oq rangli ishtondan iborat kurashchilarning maxsus libosi. Gilamga birinchi chaqirilgan kurashchi ko‘k yaktakni, ikkinchisi esa yashilni kiyadi. Kurash formasi paxtadan tayyorlangan, yaxshi holatda bo‘lishi, mato o‘ta qattiq bo‘lmasligi shart.
KURASH MILLIY SPORT TURI KUNI - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-oktabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3306-sonli Qaroriga asosan 6-sentabr — “Kurash” milliy sport turi kuni sifatida belgilangan.
KURASH TAKTIKASI - Kurashchining bellashuv vaqtida turli xil vazifalarni hal etish uchun texnik harakatlarini qo‘llash usuli. Qat‘iy hujumkorlik harakatlari, mudofaa-himoya va qarshi hujum harakati asosiy taktik harakatlardir.
KURASH TECHNIK HOLATLARI - Kurash bellashuvida yuzaga keladigan texnik holatlar ketma-ketligi. 1. Turish holati texnikasi. 2. Ushlash (raqib yaktagidan ushlab olish) texnikasi. 3. Muvozanatdan chiqarish texnikasi. 4. Uloqtirish texnikasi.
KURASH TECHNIKASI - Kurashchining o‘zi hamda raqibning imkoniyatini hisobga olgan holda kurash usullarini bajarish uslubi.
KURASH TECHNIKASI - Musobaqa qoidalarida ruxsat etiladigan usullar, qarshi usullar va himoyalanishlar majmuyi.
KURASH USULLARI - Kurashda qo‘llanadigan barcha usullar majmuyi, ular 7 nom bilan yuritiladi va bajariladi: supurma, chil, qo‘hsha, yuk (yuklama), yelka, bardor, yonbosh. Bular esa bir necha yuzlab usullarga bo‘linadi.
KURASH(GA) TUSHMOQ - 1. Yiqitish yoki g‘olib chiqish uchun o‘zaro bellashmoq, kurashmoq. 2. Yiqitishga asoslangan bellashuvlarning umumiy nomi, sportning shunday turi. Milliy kurash. Erkin kurash. Dzyudo kurashi.
KURASHCHI - Kuchi va epchilligini namoyish qilish maqsadida kurash bilan shug‘ullanadigan, kurash tushadigan shaxs, sportchi.
KURASHCHI TEZKORLIGI - Kurashchining mumkin qadar qisqa vaqt ichida ayrim harakatlar va usullarni bajarish qobiliyati. Kurashchi tezkorligi ko‘p jihatdan uning asab jarayonlari harakatchanligiga, sharoitlarga, raqib harakatlaridagi o‘zgarishlarni sezishga bo‘lgan sezgirlik unda qay darajada rivojlanganligiga, bellashuvda har safar yuzaga kelgan vaziyatni bir zumda qabul qilish va to‘g‘ri baholay olish malakasiga, taktik harakatlarni o‘z vaqtida va aniq bajarishga bog‘liq.
KURASHCHINING YIQILISH YO‘NALISHLARI - Kurashchi gilamda yiqilgan paytda o‘z-o‘zini himoyalash, hech qanday shikast yetkazmay yiqilishi. Xavfsiz yiqilish usullari: 1) orqaga; 2) yon tomonga; 3) oldinga. Bu mashqlar organizmni qizitish, o‘zidagi ishonchni oshirish uchun katta ahamiyatga ega. Tashlash, uloqtirish usuli bajarilganda xavfsiz yiqilish himoyadagi kurashchiga ham, hujumdagi kurashchiga ham muhim hisoblanadi. Yiqilish texnikasini yaxshi takomillashtirmagan kurashchining harakatlari qo‘rquv aralash ehtiyotkorona bo‘lib, uning yetuk kurashchi bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.
KURASHDA HAKAMLAR ISHLATADIGAN IBORALAR VA ISHORALAR - 1) “Tanishing”; 2) “Ta’zim”; 3) “O‘rtaga”; 4) “Kurash”; 5) “To‘xta”; 6) “Halol”; 7) “Yonbosh”; 8) “Chala”; 9) “Tanbeh”; 10) “Dakki”; 11) “G‘irrom”; 12) “Bekor”; 13) “Vaqt”; 14) “Jazo”. Baho va ogohlantirishlar raqamlar (10, 5, 3, 1, 0) bilan e’lon qilinadi, ammo ularning umumiy soni jamlanmaydi.
KURASHDA MUVOZANATDAN CHIQARISH - Gavda, oyoqlar yordamida amalga oshiriladigan, kurashchi tayanch nuqtasida bo‘lgan, kuch, tezlik yoki chaqqonlik evaziga bajariladigan, ushlash holatiga o‘tgandan so‘nggi texnik harakat. Uloqtirishni bajarish uchun kurashchi o‘z raqibini muvozanatdan chiqarish momentini aniq mo‘ljalga olishi va shu davrda uloqtirish texnikasini bajarishi lozim.
KURASHDA OLISHUV VAQTI - – 4–7 yoshli bolalar va qizlar uchun olishuv vaqti 1 daqiqa;
– 8–11 yoshli bolalar va qizlar uchun olishuv vaqti 2 daqiqa;
– Kattalar o‘rtasidagi olishuv 4 daqiqa;
– O‘smirlar va 35 yoshdan yuqoridagilar uchun 3 daqiqa qilib belgilanadi;
– 11 yoshdan katta bolalar, qizlar va 56 yoshdan yuqoridagilar hamda ayollar uchun olishuv vaqti 3 daqiqadan bo‘lishi kerak.
KURASHDA OYOQ YORDAMIDA ULOQTIRISH TURLARI - 1) supurma usullari; 2) chil usullari; 3) qo‘shsha usullari.
KURASHDA O‘NG VA CHAP TOMONLARGA HARAKATLANISH - Raqibga nisbatan noqulay vaziyatni yuzaga keltirish, o‘zi uchun imkoniyat yaratish va o‘z muvozanatini saqlashga qaratilgan harakatlar. Yon tomonlarga harakatlanishda oyoqlar doimiy yelka kengligida, qo‘llar doimiy himoyada, oyoqlar gilamdan baland ko‘tarilmasligi, gavda tik ko‘tarilmasligi asosiy jihatlardan hisoblanadi. Asosan raqib bilan bir paytda sirpanib yuruvchi harakat qo‘llanishi lozim.
KURASHDA TURISH HOLATI - Bellashuv olib borishning muhim va ajralmas qismi, kurashchilar uchun bellashuvda g‘olib bo‘lishning asosiy shartlaridan biridir. Bu holatda kurashchilarning oyoqlari yelka kengligida, o‘ng yoki chap oyoq bir oz orqada, gavda biroz egilgan holatda, ammo bosh raqibga qaragan holatda bo‘lishi tavsiya etiladi. Qo‘llar tirsakdan biroz bukilgan, panjalar raqib yaktagidan ushlab olish uchun tayyor holatda bo‘ladi. Turish holatidagi harakatlanishlar o‘ng va chap tomonlarga, oldinga va orqaga hamda aylanma harakatlarga bo‘linadi.
KURASHDA ULOQTIRISH TEXNIKASI - Qoidalarda ta‘qiqlanmagan usullar orqali kurashchi gavdasining orqa tomonini gilamga tekkizishdir. Kurashda bu jarayon asosan raqib tanasini muvozanatdan chiqarish va gilamga ag‘darish evaziga amalga oshiriladi. Kurash bellashuvlarining tomoshabopligi va jozibadorligini ko‘rsatib beruvchi asosiy vositadir.
KURASHDA ULOQTIRISH TEXNIKASI TURLARI - 1) oyoq yordamida uloqtirish; 2) bel yordamida uloqtirish; 3) yelka yordamida uloqtirish; 4) gavda yordamida uloqtirish.
KURASHDA USHLASH HOLATIDA HARAKATLANISHLAR - Kurashchi raqibini muvozanatdan chiqarishi, doimiy nazorat qilishi va o‘zi uchun qulay vaziyat yaratib, uni ag‘darishiga qaratilgan harakatlar.
KURASHDA USHLASH TEXNIKASI - Jangda raqibni qulay ushlash vaziyatini yuzaga keltirish: a) raqibining yoqasi va qo‘lidan ushlagan holda bajarish; b) bir qo‘lini ikki qo‘l bilan ushlagan holda bajarish; d) qo‘ldan va belbog‘ning oldidan ushlagan holda bajarish; e) qo‘ldan va belbog‘ning orqasidan ushlagan holda bajarish.
KURASHDA YIQILISHDAN SAQLANISH USULLARI - o‘zini o‘zi saqlash, himoya usullari, u yoki bu usulning oxirgi soniyalarida, ya‘ni yiqilayotganda bajariladigan harakatlar.
KURASHMOQ - 1. Kurashda bir-birini yiqitish, g‘olib chiqish uchun ma’lum qoida bo‘yicha olishmoq, o‘zaro bellashmoq, kurash (ga) tushmoq. 2. Sportning biror turi bo‘yicha bellashmoq, musobaqalashmoq.
MANYOVR - Hujum qilish uchun qulay holatni egallash va usulni amalga oshirishga yordam beradigan harakatni bajarishga raqibni majbur qilish maqsadida qo‘llanadigan turli xildagi harakatlanish.
MASOFA SAQLASH TEXNIKASI - Raqibni ushlab olishga qaratilgan masofa. Sambo kurashida beshta masofani ajratib ko′rsatish mumkin: - ushlashdan uzoq masofa - kurashchilar bir-biriga tegmaydilar; - uzoq masofa - kurashchilar bir-birlarini yenglaridan ushlab olishadi; - o‘rtacha masofa - kurashchilar bir-birlarini old tomondan kiyimlaridan ushlashadi; - yaqin masofa - kurashchilar kiyimdan (belbog′) olishadi yoki bir qo′li bilan raqibning bo′ynidan olishadi; - yaqin masofa - kurashchilar bir-birlarini mahkam ushlab turishadi yoki tanasi bilan bir-birlarini siqib qo′yishadi.
MAXSUS JISMONIY TAYYORGARLIK - Kurashchining musobaqa imkoniyatini oshirishi mumkin bo‘lgan, uning maxsus muskul guruhlarini rivojlantiradigan va musobaqalar sharoitida ko‘p qo‘llaniladigan eng zarur jismoniy sifatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mashqlar majmuyi.
MA’NAVIY-IRODAVIY TAYYORGARLIK - Ma‘lum axloqiy normalar, sport etikasini shakllantirish, raqiblar, murabbiy va hakamlarni, tomoshabinlarni hurmat qilishni o‘rgatishga qaratilgan sportchining axloqiy sifatlarini, uning irodasini tarbiyalash.
MILLIY KURASH USULLARINING NOMLARI - 1) Supurma; 2) Chil; 3) Qo‘shsha; 4) Yuk (yuklama); 5) Yelka; 6) Bardor; 7) Yonbosh.
MILLIY KURASHDAGI MUSOBAQA TURLARI - 1. Shaxsiy birinchilik. 2. Jamoa birinchiligi. 3. Shaxsiy va jamoalar birinchiligi. 4. Ochiq gilam birinchiligi. 5. Mutlaq birinchilik.
MUDOFAA HARAKATLARI - Kurashchining himoya va qarshi hujum harakatlari: raqibning qo‘llaydigan usullariga qarshi usul ishlatish bilan hujumdan qutulish yoki undan qochish.
NAZARIY TAYYORGARLIK - Sportchining tanlangan sport turi bo‘yicha nazariy bilimlarini oshirishga qaratilgan tayyorgarlik turi. Bunda sportchi uchun tanlangan sport turining tarixi, musobaqa qoidalari, musobaqa jarayonida o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish, o‘zini boshqara olishni o‘rganish, hakamlik, texnika va taktikaga oid nazariy bilimlar beriladi.
NOMDOSH BO‘LMAGAN OYOQ - Sportchining boshqa tana a‘zosi, masalan, qo‘liga qarama-qarshi tomonidagi oyog‘i. Masalan, chap qo‘liga nomdosh bo‘lmagan oyoq o‘ng oyoq hisoblanadi.
NOMDOSH BO‘LMAGAN QO‘L - Sportchining boshqa tana a‘zosi, masalan, oyog‘iga qarama-qarshi tomonidagi qo‘l. Masalan, chap oyog‘iga nomdosh bo‘lmagan qo‘l o‘ng qo‘l hisoblanadi.
NOMDOSH BO‘LMAGAN QO‘L (OYOQ)DAN USHLASH - Kurashchining o‘ng (chap) qo‘li yoki oyog‘i bilan raqibning chap (o‘ng) qo‘li yoki oyog‘idan ushlab olish.
NOMDOSH OYOQ - Sportchining boshqa tana a‘zosi, masalan, qo‘li tomonidagi oyog‘i. Masalan, chap qo‘liga nomdosh oyoq chap oyoq hisoblanadi.
NOMDOSH QO‘L - Sportchining boshqa tana a‘zosi, masalan, oyog‘i tomonidagi qo‘li. Masalan, chap oyog‘iga nomdosh qo‘l chap qo‘l hisoblanadi.
NOMDOSH QO‘L (OYOQ)DAN USHLAB OLISH - Kurashchining o‘ng (chap) qo‘li yoki oyog‘i bilan raqibning o‘ng (chap) qo‘li yoki oyog‘idan ushlab olish.
OG‘RIQ BERUVCHI USUL - Bo‘g‘imni qayirish, qattiq bukish yoki paylarni ezish bilan bog‘liq bo‘lgan, natijasida raqib og‘riq his qiladigan usul.
OLDINDAGI QO‘L (OYOQ)DAN USHLASH - Parterda raqibning hujum qiluvchiga yaqin turgan qo‘li (oyog‘i)dan ushlab olish.
OLDINDAN ILIB OTISH - Hujum qiluvchining oyoqning ichki qismi (asosan son) bilan oldindan yoki oldindan-yondan raqib oyog‘i yoki oyoqlarini orqaga-yuqoriga itarib yuborish.
OLDINGA ENGASHIB TASHLASH - Raqibni gilamdan ko‘tarib, vertikal holatdan gorizontal holatga o‘tkazishdan iborat usul.
ORQADAN ILIB OTISH - Tizzalardan bukilgan joy bilan (orqadan) raqibning tizzalari bukilgan joyga urib, ko‘tarib tashlash.
ORQADAN OSHIRIB TASHLASH - Kurashchi raqibga orqasi bilan o‘girilib, keyin oldinga egilish yoki oldinga yiqilish hisobiga bajariladigan harakati.
ORQAGA EGILIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi “koprik” holatini egallab, raqibni gilamga orqasi bilan o‘giradi.
ORQAGA EGILIB TASHLASH - Kurashchi gavdasini orqaga egib, keyin orqaga yiqilish orqali amalga oshiriladigan usul.
O‘GIRISH - Kurashda parterdagi usullardan biri bo‘lib, bunda kurashchi raqibni gilamdan uzmagan holda uni orqasi bilan gilamga ag‘daradi.
O‘RAB OLISH (ЗАЦЕП) - Hujum qiluvchi raqib oyog‘ini pastki oyog‘i yoki tizzasi bilan bog‘lab, uni ko‘tarib, uni istalgan tomonga olib tashlaydi. Raqib bir oyoqda turganda, hujumchi uni qo‘llari bilan itarib yuboradi.
O‘RTADAGI HAKAM - Olishuv boshlanishidan oldin gilamga chiqqan kurashchilarning gigiyenik holati, kurash formasining qoida talablariga javob berishini tekshiruvchi, olishuvning qanday borishini va olishuv davomida kurash qoidalariga qat‘iy rioya qilishini kuzatib boruvchi hakam.
O‘TIRIB TASHLASH - Kurashchi gilamga o‘tirib, raqibga oyog‘ini tirab, keyin orqasi bilan dumalab, uni o‘zining ustidan oshirib tashlash orqali amalga oshiriladigan usul.
O‘TKAZISH - Kurashda tik turishda usulni bajarish yo‘li bo‘lib, buning natijasida hujum qiluvchi raqibini parter holatiga turg‘izadi.
O‘Z-O‘ZINI NAZORAT QILISH - Sportchi o‘zini o‘zi tekshirib turishi, mashg‘ulotlarning organizmga ta’siri, vazni va shu kabilarni kuzatib borishi.
O‘Z-O‘ZINI STRAXOVKALASH - Yiqilishning xavfsiz usuli. Turli tashlash paytida qon tomirlarini yumshatish qobiliyati ko‘karishlar va miya ezilishidan himoya qiladi. Har bir sambo kurashchisi har qanday vaziyatda avtomatik ravishda tegishli harakatlarni bajarishi kerak. Ushbu konikma har bir masg‘ulotning tayyorgarlik qismiga kiritilgan maxsus mashqlarni bajarish jarayonida o‘rgatiladi.
O‘ZBEK MILLIY KURASHI TURLARI - O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududlarida kurashning “Buxorocha” va “Farg’onacha” shakllari keng qo‘llaniladi.
O‘ZBEKISTON KURASH FEDERATSIYASI - 1992-yilda Oʻzbekistonda kurash federatsiyasi, 2001-yilda Oʻzbekistonda belbogʻli kurash federatsiyasi tuzildi.
PANKRATION - Qadimiy Antik olimpiya o‘yinlarida qo‘llangan va bugungi kunda qayta tiklangan yakkakurash turlaridan biri. Pankration Olimpiya o‘yinlari tarkibiga eramizdan oldingi 648-yildan kiritilgan. Bu kurash turi qadimgi grek pahlavonlari Tesey hamda Gerakl tomonidan yaratilganligi haqida afsonalar mavjud.
PARTER - [fr. parterre – yer bo‘ylab] Kurashda polvonning muvaffaqiyatsiz tashlashdan keyin qo‘llarini yerga yoki gilamga tirab turish holati. Sambo kurashi asosan kurashchilarning tik holatda kurashishi bilan boshlanadi va faqat muvaffaqiyatsiz tashlashdan keyin kurash parter holatda davom etadi. Bunda kurashchi tekis yozilgan qo‘llarning kaftlari bilan gilamga tayanib turadi, qo‘llar tizzalardan 20-25 sm uzoqlikda joylashadi. Parterda baland holat va past holat farqlanadi. Parterda kurashish paytida kurashchilardan biri pastda, ikkinchisi yuqorida bo‘ladi. Parterda yuqorida turgan holatda turgan kurashchi kurash boshlanishidan oldin istagan dastlabki holatni egallashi mumkin. Faqatgina qo‘l kaftlari pastdagi kurashchining yelkasida turishi lozim. Faqat tik holatda kurash olib boriladigan kurash turlarida, masalan, belbog‘li kurashda parter ko‘zda tutilmagan.
POLVON - 1. Kurash tushadigan sportchi. 2. Jismoniy jihatdan kuchli, baquvvat kishi; bahodir, pahlavon.
QARSHI HUJUM HARAKATLARI - Raqibga qarshi javob hujumida tashabbusni o‘z qo‘liga olish va qarshi hujum usulini oldinroq qo‘llash yoki qulay himoyalanib olib, keyin qarshi hujum qilish.
QARSHI USUL - Raqib hujumiga javob tariqasida bajariladigan maqsadli harakat bo‘lib, uning yordamida kurashchi raqibi ustidan ustunlikka erishadi. Qarshi hujumni rejalashtirayotgan kurashchi tezkor ravishda to‘g‘ri qaror chiqarishi va raqibi usulni amalga oshirishga ulgurmasligi uchun o‘z harakatlarini hujum qilayotgan raqib harakatlari bilan aniq moslashtirib borishi lozim.
QAYCHI - Kurashchi oyoqlari raqib gavdasining biror joyidan ikki tomondan o‘rab olgan holati.
QAYIRIB AG‘DARISH - Kurashchining harakati bo‘lib, uning natijasida raqib o‘z bo‘yi o‘qi atrofida buriladi.
QAYIRIB OG‘RITISH - Raqibning bukilgan oyoq-qo‘llariga birini ikkinchisi atrofida aylantirish orqali og‘riq berish usuli.
QAYIRIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi raqibini uning bo‘yi o‘qi atrofida burib, gilamga orqasi bilan o‘giradi.
QAYIRIB TASHLASH - Kurashchi raqibni gilamdan ko‘tarib, uni bo‘y o‘qi atrofida aylantirib tashlash orqali amalga oshiriladigan usul.
QISIB OG‘RITISH - Kurashchining raqib paylari yoki boldir mushagini ezish bilan bog‘liq bo‘lgan harakati.
QOQISH - Oyoq kaftining tag qismi bilan raqib oyog‘idan urib tushirish.
QO‘L JANGI - Raqiblar zarba texnikasi va kurashning maxsus usullari yordamida faqat qo‘llaridan foydalanib bir-biriga qarshi kurashadigan jang san‘ati va sport turi. Qo‘l jangi jismoniy kuchdan tashqari tezlik, texnika va strategiyani ham talab qiladi.
QO‘L TAGIDAN BO‘YINNI USHLASH - Bunda o‘ng qo‘lni raqibning o‘ng qo‘li tagidan o‘tkazib, bo‘yin ustida chap qo‘l bilan birlashtirish yoki, aksincha, shu harakatni chap qo‘l bilan bajarish.
QO‘L TAGIDAN O‘TISH - Kurashchining tik turishda bajaradigan asosiy harakatlardan biri bo‘lib, bunda kurashchi raqibning qo‘li tagidan o‘tib, orqasiga turib oladi.
QO‘LTIQLAR TAGIDAN BO‘YINNI USHLAB OLISH - Parterda orqadan-yondan ikkala qo‘lni raqibning nomdosh qo‘llaridan o‘tkazib, ularni bo‘yin ustida birlashtirgan holda ushlab olish.
QO‘SHSHA - Kurash usuli. Kurashchi raqib yaktagini qulay joyidan ushlab, muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, har tomondan to‘xtamasdan oyoq bilan urib bajaradigan barcha usullar “Qo‘shsha” deb nomlanadi.
QO‘SHSHA USULLARI - Kurashchi raqib yaktagini qulay joyidan ushlab, muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, har tomondan to‘xtamasdan oyoq bilan urib bajaradigan barcha usullar majmuyi.
QUYI PARTER - Erkin va yunon-rum kurash turlarida parter holatlaridan biri bo‘lib, bunda kurashchi qorni va ko‘ksi bilan gilamga yotgan bo‘ladi.
RAZVEDKA - Bellashuvdan oldin va bevosita bellashuv vaqtida kurashchining raqib to‘grisida, uning gavda tuzilishi, xususiyatlari, sifatlari, imkoniyatlari va holati haqida kurash olib borish usuli - aktiv yoki passiv, hujumkor yoki himoyalanuvchi kurashchiligi to‘grisida; uning ko‘p qo‘llaydigan harakatlari, o‘y-fikrlari va hokazolar haqida tashqi va ichki axborotlar olishga qaratilgan xatti-harakatlar.
RICHAGSIMON USHLASH - Nomdosh bo‘lmagan qo‘l tagidan qo‘lni ushlab olib, yuqoridan raqib bo‘ynini ushlash.
RUHIY TAYYORGARLIK - Barcha yoshdagi, turli darajadagi sportchilarni tayyorlash jarayonida murabbiy tomonidan sportchi ruhiy barqarorligini ta‘minlash, uning irodaviy, axloqiy sifatlariga ijobiy ta‘sir o‘tkazish, musobaqalashish jarayonida sportchining optimal ruhiy bardamligiga erishishini ta‘minlashga qaratilgan psixologik chora - tadbirlar.
SAMBO - [rus. самозащита без оружия – qurolsiz o‘z-o‘zini himoya qilish]. XX asrning 30-yillari boshlarida Rossiyada shakllana boshlagan kurash turi. Sambo – sport turlariga nisbatan yosh, ammo ancha ommalashgan va tez rivojlanayotgan jangovar sport turi. Samboning texnik arsenal dunyoning ko‘plab xalqlari jang san‘atlari va milliy kurashining turli turlaridan tanlab olingan eng samarali himoya va hujum usullari to‘plamiga asoslangan. Kurashda - yelka usuli, samboda - yelkadan oshirib tashlash (plecho) usuli amal qiladi. Bu kurash turiga 1937-yilda Rossiyada asos solindi. Bu kurash texnik taktik xaraktera ko‘ra dzyudoga yaqindir. Sambo kurashiga tashlashlar, oyoqlardan ushlab yiqitish va oyoqlarga og‘riq beruvchi usullar kiritilgan va bog‘ib ushlab olish usullari bekor qilingan. Ushbu sport turining paydo bo‘lishi va rivojlanishida V.A.Spiridonov, V.S.Oshchepkov va A.A.Xarlampiyevlar tashabbus ko‘rsatdilar. Sambo kiyimi kurashchilar kiyimidan farq qiladi. An‘anaviy shim va kimono emas, sport kalta shimi va maxsus kurtka, oyoqqa qirg‘og‘i yumshoq botinkalar kiyiladi. Sambo 1938-yilda tan olingan. 1947-yilga kelib rasmiy ravishda “Sambo” deb nomlandi. 1966-yilda Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasi Kongressi sambo kurashini xalqaro sport turi deb tan olish hamda yunon-rum, erkin kurash bo‘yicha chempionatlarning o‘tkazilish muddatlarida jahon va Yevropa chempionatlarini tashkil qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Sambo bo‘yicha birinchi jahon chempionati 1973-yilda Tehronda bo‘lib o‘tdi. Ayollar o‘rtasida musobaqalar 1983-yildan o‘tkazib kelinadi. 1979-yilda Xalqaro sambo kurashi federatsiyasi tashkil qilingan. Sambo kurashi o‘zbek milliy kurashining buxorocha usuliga juda yaqin.
SAMBOCHI - Sambo sport turi bilan shug‘ullanadigan kurashchi. Sambo bo‘yicha birinchi jahon chempioni Aleksandr Sergeyevich Fedorov hisoblanadi. O‘zbek sambochilari Sayfuddin Xodiyev, Sobir Qurbonov, Bobomurod Fayziyev, Vyacheslav Yelistratovlar jahon chempionlari bo‘lishgan.
SILTASH - Kurashchining tik turishda bajaradigan asosiy harakatlardan biri bo‘lib, bunda kurashchi raqibni keskin burib, uning orqasiga o‘tib oladi.
SIQIB BUG‘ISH - Kurashchining raqib bo‘ynini bilagi yordamida siqib turish bilan bog‘liq bo‘lgan va bug‘ilishga olib keladigan harakati.
SIRIM - Koreys milliy kurashi. XX asrdan boshlab sirim kurashi Koreyada sport turi sifatida rasman tan olingan. Hamma yirik musobaqalarda, jumladan birinchi Butunkoreya musobaqalarida sirim kurashi dasturga kiritildi. Hozirgi paytda sirim kurashi mamlakatimizda yashovchi koreyslar tufayli O‘zbekistonda ham rivojlanib bormoqda. Sirim kurashi o‘zining alohida texnik tavsiflari bilan o‘zbek milliy kurashiga (farg‘onacha usul) yaqin. Bu ikkala sport kurashining asosiy o‘xshashligi - bellashuv boshlanishidan oldin ikkala kurashchining bir-birlarining belbog‘ini ushlab olishidir. V.A.Kim va G.G.Kim kabi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan trenerlar sirim kurashi rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqdalar. Ular tomonidan ushbu kurashning birinchi rasmiy qoidalari tayyorlangan hamda chop etilgan. 1989-yil Seulda bo‘lib o‘tgan Butunkoreya sport o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchi L.P.Yugay mutlaq vazn toifasida qatnashib, birinchi bor sovrinli o‘rinni egalladi. 2015-yildagi jahon chempionatida A.Xudayberdiyev birinchi o‘rinni, T.Shokirjonov uchinchi o‘rinni, 2009-yilda A.Jumaboyev uchinchi o‘rinni, 2010-yilda E.Bek va 2015-yilda L.Begishova uchinchi o‘rinni egallashdi.
SPORT KURASHI - Ikkita kurashchi sportchining qat‘iy belgilangan qoidalar asosida yakkakurashidan iborat bellashuvi. Sport kurashlariga yunon-rum kurashi, erkin kurash va sambo sport turlari kiradi. Erkin kurash va yunon-rum kurashi Olimpiya dasturidan o‘rin olgan.
SPORT SAMBOSI - Faollik va harakatchanlikni talab etadigan sambo turi. Jangovar sambodan farqli o‘laroq sport sambosida zarba berish va bog‘ish usullarini qo‘llash taqiqlangan. Buning o‘rniga sportchilar muvaffaqiyatli qo‘llagan texnika va usullar uchun ball olishadi.
SPORT TEXNIKASI - Sport turiga bevosita bog‘liq ravishda sportchiga o‘rgatiladigan texnik harakatlar.
SUMO - Yapon kurashi. Og‘ir vaznli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilib, kurashda raqibini gilamga tanasining biror qismini tekkizishi yo‘li bilan g‘olib aniqlanadi.
SUPURMA - (ПОДСЕЧКА) Raqibni muvozanatdan chiqarish. Oyoqning pastki qismi bilan tizzadan yuqoriga yoysimon ko‘tarilib, pastki oyoqning egilishi bilan amalga oshiriladi. Raqibning oyog‘i yoki tizzasi qaysi tomondan egilganiga qarab, old tomondan, yondan, orqadan, ichkaridan bo‘lishi mumkin.
SUPURMA USULLARI - Kurashchi usulga mos ravishda raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, raqibni muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, o‘ng yoki chap oyog‘i bilan «supurib» qilinadigan barcha usullar «Supurma» deb nomlanadi.
TABLODAGI HAKAM - O‘rtadagi hakam e‘lon qilgan har bir bahoni yoki ogohlantirishlarni tabloda ko‘rsatib boruvchi hakam. Agar o‘rtadagi hakam e‘lon qilgan natijalarni ko‘rolmay yoki eshitolmay qolsa, gilam boshqaruvchi hakamdan aniqlab oladi. Tabloda aks ettirilgan baholar gilamda kurashchilardan birining g‘olib chiqqanligini e‘lon qilguncha turishi shart.
TAKTIK TAYYORGARLIK - Sportda bahslasha olish san‘ati; o‘zlashtirilgan usullarni bir-biriga bog‘lab taktik harakat sifatida qayta ishlash va egallash, musobaqa yoki bellashuv jarayonida to‘g‘ri qaror qabul qila olish, taktik tafakkur va tezkor fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish.
TASHLASH - (БРОСОК) Raqibni tik turgan holatdan yotgan holatga o‘tkaziladigan harakat. Bunday holda, tashlash raqibning parvozi yoki aniq tushishini ta‘minlaydigan tarzda amalga oshirishi kerak.
TAYMER - [ingl. timer < time - vaqtni belgilamoq, tayinlamoq] Ma’lum vaqt oralig‘i o‘tgandan keyin biror moslama, qurilmani avtomatik ravishda ulaydigan (uzadigan, o‘chiradigan) yoki shunday vaqt kelganidan xabar beradigan asbob.
TEGIRMON - Kurashchining raqibni yelkadan oshirib tashlash usuli. Usullar tik holatda ham, tizzadan ham amalga oshiriladi.
TEXNIK HARAKAT // TEXNIK USUL - Kurash texnikasi negizida tik turish, harakatlanish, raqibni muvozanatdan chiqarish, ushlash holatlari, uloqtirish usulini oqilona bajarishni nazarda tutadigan muayyan holatlar va harakatlar.
TEXNIK TAYYORGARLIK - Kurashish usullari va harakatlariga o‘rgatish, ularni takomillashtirishni ma’lum tamoyillarga asoslangan holda harakat usullari va ularning kombinatsiyasini tushunish asosida olib borish.
TIK TURISH - Bu kurashchining holati bo‘lib, bunda u oyoqlarda tik turadi. Tik turishning o‘ng, chap va yalpi turlari ajratiladi. Ularning har biri, o‘z navbatida, baland, o‘rta va past bo‘lishi mumkin. Tik turishda kurashish yaqin, o‘rta va uzoq masofalarda olib borilishi mumkin.
TORTIB BO‘G‘ISH - Kurashchining raqib kimonosi yoqasidan ushlab olib, uning bo‘ynini siqish bilan bog‘liq bo‘lgan va bo‘g‘ilishga olib keladigan harakati.
TO‘XTA - Kurash davom etayotgan vaqtda olishuvni to‘xtatish uchun ishlatiladigan ibora. Bu vaqtda hakam o‘ng qo‘lini kafti bilan oldinga qaratgan holda (barmoqlar bir joyga jipslashgan) oldinga cho‘zib ishora qiladi.
TRENER // MURABBIY [ingl. trainer < train - o‘rgatmoq, mashq qildirmoq] - Sportning biror turi bo‘yicha sportchilar tayyorgarligiga rahbarlik qiluvchi mutaxassis. Futbol jamoasining murabbiyi (treneri).
TRENIROVKA // MASHQ - Muayyan reja asosida sportchini, uning organizmini o‘z kuchini maksimal namoyon qilishga, chidamlilik, tezlik, chaqqonlikka va g‘alaba uchun intilishga tayyorlab borish.
TURNIR [nem. tumier - ritsarlarning harbiy musobaqasi] - Sportning shaxmat, shashka, kurash, futbol va sh.k. turlarida qatnashuvchilaming har biri shaxsiy yoki jamoaviy birinchilik uchun ma’um tartibda, barcha qatnashuvchilar bilan bir yoki bir necha martadan uchrashadigan musobaqa. Kurash turniri. Turnir jadvali.
TUSHE [ fr. touche – tegish ] - Erkin va yunon-sport kurashlarida kurashchining parterdagi holati bo‘lib, bunda uning raqibi hisobiga umumiy qoidalarga ko‘ra sof g‘alaba yoziladi. Tushe uchrashuv hakami tomonidan qayd etiladi. U tusheni o‘zi ko‘rishi yoki yon hakam yordamidan foydalanishi mumkin. Tushe kamida ikkita hakam tomonidan tasdiqlanishi va gilam hakami roziligi bilan qayd etiladi. Tushe e’lon qilingach, e’tiroz qabul qilinmaydi.
UCH NUQTA QOIDASI - Yunon-rum va erkin kurash turlarida parter holatida qayd etish qoidasi bo‘lib, bunda kurashchilardan birining uchta nuqtasi gilamga tekkan bo‘lishi kerak: ikkita qo‘li va bitta tizzasi yoki ikkita tizzasi va bitta qo‘li.
UMUMIY JISMONIY TAYYORGARLIK - Kurashda sportchining jismoniy tayyorgarligi uchun zarur bo‘lgan umumiy jismoniy tayyorgarlik vositalari: kross yugurish, suzish, piyoda yurish kabilar.
USHLAB TURISH - Kurashchi raqibini gilamda muayyan vaqt davomida orqasi bilan yotgan holatda bo‘lishini ta’minlaydigan usul.
USHLASH - Kurashchi hujumni amalga oshirish yoki himoyalanish uchun qo‘llar va oyoqlar yordamida raqib gavdasining qaysidir qismini ushlab turishidan iborat harakat.
USHLASHLAR (ЗАХВАТ) - Kurashchining raqib hujumiga javoban qilgan harakatlari yoki himoya holati.
USTIDAN O‘TIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi raqibni qo‘lidan yoki oyog‘idan ushlab olib, uning ustidan harakatlanib, gilamga orqasi bilan o‘giradi.
USTIDAN YUMALATIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi raqibni oldinga boshdan oshirib gilamga orqasi bilan o‘giradi.
USUL - Kurashchining g‘alaba qozonish yoki raqib ustidan ustunlikka erishish maqsadida raqib holatini gilamga nisbatan o‘zgartirishga qaratilgan harakati. Usul yordamida kurashchi raqibidan ustunlikka erishadi. Har bir usul ikki qismdan iborat: 1) usul qo‘llash uchun ushlab olish; 2) turli xildagi harakatlar.
UZOQDAGI QO‘L (OYOQ)DAN USHLASH - Parterda raqibning hujum qiluvchidan uzoqda turgan qo‘li (oyog‘i)dan ushlab olish.
VAQTNI KUZATUVCHI HAKAM - Kurashchilar olishuvga chaqirilgandan keyin gilamga qancha vaqt mobaynida kelishini, olishuv vaqtining har bir daqiqasini nazorat qilib hisoblab boruvchi hakam. Agar olishuv davomida kurashchi tibbiy yordam olsa yoki boshqa sabablar bilan olishuv to‘xtatilsa hammasini hisoblab bosh hakamni xabardor qilishi shart. Kurashchi 1 daqiqada gilamga chiqmasa “Tanbeh”, 2 daqiqada “Dakki”, 3 daqiqada “G‘irrom” ogohlantirilishi beriladi.
XALQARO HAVASKORLAR KURASH FEDERATSIYASI [FILA – fr. Fédération Internationale des Luttes Associées] - Hozirgi Birlashgan kurashlar olami xalqaro tashkilotining 2014-yilgacha bo‘lgan nomi. 1912-yilda havaskorlar o‘rtasida kurash musobaqalarini kuzatish va o‘tkazish bo‘yicha Xalqaro qo‘mita (Internationaler Ring Verband) tuzildi. 1921-yilda mazkur qo‘mita Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasiga (FILA) aylantirildi.
XALQARO KURASH ASSOTSIATSIYASI (IKA) - O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 1-fevraldagi “Xalqaro Kurash assotsiatsiyasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” PF 2211-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan sport tashkiloti.
XALQARO KURASH INSTITUTI - Kurash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, malakasini oshirish va tadqiqotlar olib borish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilot. 2001-yildan Toshkentda faoliyat ko‘rsata boshladi.
XALQARO KURASH TURLARI - 1) Yunon-rum kurashi; 2) Erkin kurash; 3) Dzyudo; 4) Sambo; 5) Kurash (O‘zbek kurashi); 6) Belbog‘li kurash; 7) Uchkurash.
XALQARO SAMBO FEDERATSIYASI [fr. Fédération Internationale Amateur de Sambo – FIAS] - Milliy sambo federasiyalarini birlashtirgan nodavlat notijorat jamoat tashkiloti. Tashkilotning shtab-kvartirasi Lozannada (Shveysariya) joylashgan. FIAS egaligi ostida 30 dan ortiq yirik xalqaro sambo musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.
YAKTAK - Kurashchilarning maxsus sport kiyimi.
YARIM KO‘PRIK - Yunon-rum va erkin kurashda sportchining orqasi bilan gilamga qaragan va oyoq kaftlari, boshi va yelkasi gilamda bo‘lgan holati. Bunda boshi va yelkasi raqib tanasi ustida bo‘lishi mumkin. Uning kuraklari gilamga nisbatan 90° dan kam burchakni hosil qiladi. Sportchilar raqib ushlashidan qochish va kuragi gilamga tekkizilishidan qochish naqsadida yarim ko‘prik holatiga o‘tishadi.
YELKA - Kurash usuli. Kurashchi raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, raqibni muvozanatdan chiqarib, raqibni yelkadan oshirib tashlaydigan barcha usullar “Yelka” deb nomlanadi.
YELKA USULLARI - Kurashchi raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, raqibni muvozanatdan chiqarib, raqibni yelkadan oshirib tashlaydigan barcha usullar majmuyi.
YELKADAN OSHIRIB TASHLASH - Kurashchi raqibni qo‘llari, qo‘l va oyog‘i, boshi va oyog‘i, kiyimidan ushlab olib, tutib turgan yelkalardan oshirib gilamga tashlashdan iborat usul.
YON HAKAM - Kurashchilarning texnik harakatlarini baholaydigan va ularni maxsus bayonnomaga yozib boradigan hakam. U hamma vaziyatlarda o‘z fikrini bildirishi lozim. Kurashchilar harakatlarini baholashda uning fikrlari arbitr fikrlari bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi mumkin. Bunday holda gilam rahbari hal qiladi.
YON TOMONDAGI HAKAMLAR - O‘rtadagi hakamga yordam beradilar, kurashchilarning hamma harakatlarini baholab boradilar. Yon tomondagi hakamlar bir-biriga qarama-qarshi tomonlardagi kursilarda o‘tirishadi, olishuv davomida zarurat tug‘ililb qolsa, yon tomondagi hakam olishuvni tik turib kuzatishi ham mumkin. Agar kurashchilarning biriga yoki ikkalasiga ham qisqa fursatga gilamdan chiqish zarur bo‘lib qolsa, yon tomondagi hakamlardan biri hamrohlik qilishi zarur.
YONBOSH - Kurash usuli. Kurashchi raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, uni muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch xosil qilib, yonbosh tarafidan kirib, raqibni oyog‘i bilan ko‘tarib yiqitadigan barcha usullar “Yonbosh” deb nomlanadi. Hakam qo‘lini kaftlari bilan pastga qaratgan holda (barmoqlar bir joyda jips) yonboshga urib, yon tomonga cho‘zib ishora qiladi. Kurashchilardan biri usul qo‘llab raqibini tezlik bilan kuragiga yiqitsa yoki raqibiga “dakki” e’lon qilinsa beriladi.
YONBOSH USULLARI - Kurashchi raqib yaktagining qulay joyidan ushlab, uni muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, yonbosh tarafidan kirib turib, raqibni oyog‘i bilan ko’tarib yiqitadigan barcha usullar majmuyi.
YONBOSHGA OLMOQ - Kurashda ko‘tarib olib, yonboshiga qo‘ymoq.
YOZILIB OG‘RITISH - Raqibning tekis uzatilgan oyoq-qo‘llariga og‘riq berish usuli.
YOZILIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi raqib gavdasini yozib va oldindan oyoqlarni o‘rab yoki ilib olib, uni gilamga orqasi bilan o‘giradi.
YUGURIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi raqib boshi atrofida navbatma-navbat qadam tashlab harakatlanib, uni gilamga orqasi bilan o‘giradi.
YUK (YUKLAMA) - Kurash usuli. Kurashchi o‘z qulayini olib, raqibni muvozanatdan chiqarib, o‘ziga ishonch hosil qilib, raqibini bel qismi bilan oshirib tashlaydigan barcha usullar “Yuk” (“Yuklama”) deb nomlanadi.
YUMALATIB O‘GIRISH - Kurashchi qo‘llaydigan harakatlardan biri bo‘lib, uni bajarishda kurashchi raqibni orqadan ushlab “ko‘prik” holatiga o‘tib, uni o‘zining ustidan, oldidan oshirib, o‘z boshi tomonga o‘giradi.
YUNON -RUM KURASHCHISI - Yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanadigan kurashchi. O‘zbek yunon-rum kurashchilari xalqaro maydonda katta yutuqlarga erishgan. Rustem Kazakov 1972-yildagi Olimpiya o‘yinlari va 1969-yildagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan. Kamil Fatkulin jahon chempionatlarining ko‘p karra sovrindori bo‘lgan. Mustaqil O‘zbekiston tarixidan 2004-yilgi Afinadagi Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik Aleksandr Doktorashvili oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2016-yilgi Rio-de-Janeyrodagi o‘yinlarda Yelmurat Tasmuradov bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
YUNON-RUM KURASHI - Sportchi muayyan texnik usullar to‘plami yordamida raqibni muvozanatdan chiqarib, yelkasi bilan gilamga yotqizishga harakat qiladigan yevropacha kurash turi. Erkin kurashdan farqli o‘laroq, yunon-rum kurashida oyoqdan chalish va oyoqlarni qo‘l bilan changallash man etilgan. Yunon-rum kurashi Qadimgi Yunonistonda paydo bo‘lgan bo‘lib, keyinchalik Rim imperiyasida keng tarqalgan. Klassik kurashning hozirgi shakli Fransiyada XIX asrning birinchi yarmida paydo bo‘lgan. Kurash 1896-yilgi Afinadagi birinchi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan. 1900-yilda kurash Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan bo‘lsa-da, 1904-yildan beri muntazam ravishda yozgi olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin egallab keladi. 1898-yildan Yevropa chempionatlari, 1904-yildan beri jahon chempionatlari o‘tkazib kelinadi.
YUQORIGA CHIQIB OLISH - Parterda pastda turgan kurashchining raqibdan yuqori holatga o‘tib olishi.
ZARBA BILAN AG‘DARISH - Kurashchi gavdasi va qo‘llari bilan raqibni turtadigan harakat.
ZARBA BILAN TASHLASH - Kurashchi raqibni gilamdan ko‘tarib, uni bo‘yi o‘qi atrofida aylantirish orqali amalga oshiriladigan usul.
“CHALA” - Kurashchilardan biri usul qo‘llab, usulni oxirigacha to‘liq bajara olmasa ishlatiladigan ibora. Hakam qo‘lini kafti bilan yoniga qaratgan holda tirsagidan bukib (90°) ishora qiladi: a) kurashchilardan biri usul qo‘llab to‘lig‘icha bajara olmasa, raqibning beli yoki undan yuqori qismini gilamga tekkizsa; b) raqibiga “tanbeh” e’lon qilinganda beriladi. Nechta “chala” bahosi berilishidan qat‘i nazar, ularning umumiy soni jamlanmaydi. Agar ikkala kurashchidan ham bir nechtadan “chala” bo‘lsa, g‘oliblik ko‘p “chala” olgan kurashchiga beriladi.
“G‘IRROM” - Kurashda hakam tomonidan oxirgi ogohlantirishda ishlatiladigan ibora. Hakam kurashchi tomonga burilib, qo‘lini kafti bilan pastga qaratgan holda yon tomonga cho‘zib ikki-uch marta pastga silkitib ishora qiladi. “G‘IRROM” katta xatoga yo‘l qo‘ygan kurashchiga e’lon qilinadi: a) olishuv davomida raqibning, hakamlarning sha’niga noma’qul so‘zlarni ishlatsa, baqirsa, har xil imo-ishoralar qilsa; b) kurashchi olishuv davomida raqibiga ataylab jarohat yetkazsa. Bunda raqibga “g‘irrom” e’lon qilinib, shikastlangan kurashchiga “halol” beriladi.
“O‘RTAGA” - Ikkala kurashchini bir-birlariga yaqinlashib, halol, mardona olishishlariga undovchi so‘z, hakamlar ishlatadigan ibora. Hakam qo‘llarini ikki tomonga yoygan holatda va shu holatni to‘xtatmasdan o‘rtaga ishorasini ko‘rsatadi, ya’ni qo‘l kaftlarini bir-biriga qaratib, yelka kengligiga olib keladi.
“O‘ZBEK POLVONI” KURASH MUSOBAQASI - O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 4881-sonli qarori asosida tashkil qilingan. Unga ko‘ra 2020-yildan boshlab har yilda bir marta davlat organlari xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” respublika musobaqasi o‘tkaziladi. Ushbu musobaqadan maqsad davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari o'rtasinda kurashni yanada ommalashtirish bu orqali xodimlarining jismoniy rivojlanishini takomillashtirish, jismoniy tarbiya va ommaviy sportga, milliy sportimiz kurashga bo'lgan qiziqishlarini oshirish, kurashni umumxalq sporti sifatida keng targ'ib etishdir.
“TANBEH” - Hakam tomonidan birinchi ogohlantirish. Hakam kurashchi tomonga burilib, qo‘lini oldinga cho‘zgan holda barmog‘i bilan tanbeh olgan kurashchini ko‘rsatib, ishora qilib shu iborani ishlatadi. Ogohlantirish unchalik katta bo‘lmagan xatolarga yo‘l qo‘ygan kurashchiga beriladi.
“TANISHING” - Hakamlar ishlatadigan ibora va ishora. Kurashchilar gilamga chiqib kelganlaridan keyin o‘rtadagi hakam chap yoki o‘ng qo‘lini kurashchi tomoniga qaratib “tanishing” degan iborani baland ovozda aytadi. E‘lon qiluvchi hakam esa kurashchilarni tanishtiradi. Bu ishora olishuvda g‘alaba qilgan kurashchiga nisbatan ham ishlatiladi.
“TA’ZIM” - Hakamlar ishorasiga ko‘ra kurashchilar o‘ng qo‘llarini chap ko‘ksiga tutgan holda bir-birlariga bo‘yin va gavdani egib salomlashish uchun ishlatiladigan ibora. Bu iborani ishlatganda hakam ikkala qo‘lini kaftlari bilan oldinga qaratgan holda balanddan bukib, qo‘llarini ichkariga aylantirish ishorasini qiladi, bu vaqtda ikkala qo‘lning barmoqlari bir-biriga uchma-uch holga kelishi kerak.
“TURON” YAKKAKURASHI - Milliy sport turi. Turkiy xalqlar jang qilish sanʼati namunasi sifatida qadimdan mashhur boʻlgan. Bu turdagi yakkama yakka kurashish usuli Amir Temur davrida takomiliga yetgan. 'Turon' yakkakurashining zamonaviy qonun-qoidalari xalqaro miqyosdagi sport ustasi B. Saidov tomonidan 1991-yilda ishlab chiqilgan. Kurashchilar peshonaband belbogʻ bogʻlab, yaktak, keng ishton kiyib musobaqalashadilar. 'Turon' yakkakurashining ikki: jang va erkin mashq yoʻnalishi bor. Jang yoʻnalishi boʻyicha bellashuv 2 qismdan iborat boʻlib, har bir qismi 5 minutdan boʻladi, katta yoshdagi sportchilar uchun 1 raund 5 minutni tashkil qiladi. Qolgan yoshdagilar uchun 1 raund 2—3 minut davom etadi. Bu yoʻnalishda gʻalaba va sof gʻalaba bor. Gʻalaba raqibiga koʻp zarba berib eng koʻp ball yiqqan oʻyinchiga, sof gʻalaba esa raqibi zarba olganda gangisa, behol holatga tushib qolsa yoki boʻgʻma usuli bilan yutganda berilishi mumkin. Erkin mashq yoʻnalishi bitta va bir necha sportchi (jamoa) bilan bajariladigan mashqlar boʻlib, 1,5 minut davom etadi. Mashqlar buyumsiz va buyumlar bilan bajariladi. Eng koʻp ball toʻplagan oʻyinchi yoki jamoa gʻolib chiqadi. Qilich, gimnastika tayogʻi, arqon kabi buyum bilan bajariladigan koʻrgazmali mashqlar bilan chiqishlari mumkin. U sportchining texnik usullarni qanchalik egallaganligi va jismoniy chiniqqanligini namoyish etadi. Bu chiqishlar ham ball bilan baholanadi.
“TURON” YAKKAKURASHI FEDERATSIYASI - 1995-yilda tuzilgan. Alpomish oʻyinlari" festivali dasturidan joy olgan "Turon" yakkakurashi bo‘yicha Respublika miqyosidagi musobaqalarni tashkil etuvchi tashkilot. "Turon" yakkakurashi xalqaro miqyosda tan olinmoqda. AQSH, Germaniya, Isroil, Niderlandiya, Ukraina, Latviya, Moldaviya, Belorussiya va boshqa mamlakatlarda "Turon" yakkakurashi sport seksiyalari ochilgan.
“VAQT” - Olishuv vaqti tugaganligini ko‘rsatish uchun ishlatiladigan ibora. Hakam ikkala qo‘lini yuqoriga qaratib kaftlarini bir-biriga qadagan holda bilakdan qo‘shib ishora qiladi.