AKADEMIK ESHKAK ESHISH - XIX asr birinchi yarmida Buyuk Britaniyada shakllangan, asosan, Gʻarbiy Yevropa, Rossiya, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Ruminiya davlatlarida keng tarqalgan, akademik qayiqlarda poyga oʻynashdan iborat eshkak eshish sporti turi.
AKADEMIK QAYIQ - Sportchilar, baydarka va kanoedan farqli oʻlaroq, orqa bilan oʻtirib, eshkak eshish orqali masofani bosib oʻtadigan suv sporti qayigʻi. Akademik qayiq akademik eshkak eshish sport turida qoʻllanadi. Vazifasiga koʻra akademik qayiq oʻquv va poyga qayiqlariga boʻlinadi. Eshkak eshish usuliga koʻra eshkakchi juft eshkak bilan harakatlanadigan juft eshkakli va yolgʻiz eshkak bilan harakatlanadigan yolgʻiz eshkakli qayiq farqlanadi.
BAYDARKA - Ilgaksiz eshkaklar yordamida eshib harakatlanadigan, rul bilan boshqariladigan yengil xipcha, uchi tor sport qayigʻi.
BAYDARKACHI - Baydarkada eshkak eshish sporti bilan shug‘ullanadigan sportchi.
BAYDARKADA ESHKAK ESHISH - Sportchi qayiqda oldinga qarab oʻtirib, ikki kurakli eshkakda ikki tomondan eshib harakatlanadigan suv sporti turi.
ELLING [niderland. helling – dengiz, daryo yoki ko‘l sohilida kema yasashga mo‘ljallangan inshoot] - Qayiqli sport turlarida qayiqlar saqlanadigan maxsus joy.
ESHKAK ESHISH JAMIYATLARI XALQARO FEDERATSIYASI (FISA – fr. Fédération Internationale des Sociétés d'Aviron) - Akademik eshkak eshishni sport turi sifatida jahonga keng targ‘ib qilish maqsadida 1892-yilda Turinda Fransiya, Belgiya, Shveysariya va Italiya vakillari asos solgan xalqaro sport tashkiloti. Eshkak eshish jamiyatlari xalqaro federatsiyasi hozirda akademik eshkak eshish boʻyicha 156 ta milliy federatsiyani qamrab olgan. Erkaklar oʻrtasida akademik eshkak eshish 1896-yildan, ayollar oʻrtasida 1976-yildan olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan. 1962-yildan jahon chempionatlari oʻtkazib kelinadi.
ESHKAKLI SLALOM - Tabiiy yoki sunʼiy toʻsiqlari boʻlgan togʻ daryosi yoki ayqirgan daryo qismida baydarka yoki kanoeda masofani muayyan vaqt ichida bosib oʻtishdan iborat olimpiya sport turi. Suv oqimi tezligi kamida 2 m/s boʻlishi kerak. Eshkakli slalom ilk bor olimpiya oʻyinlari dasturiga 1972-yilgi Myunxen olimpiadasida kiritilgan boʻlib, sovrinli oʻrinlarning barchasini nemislar egallagani uchun keyingi yillarda dasturdan olib tashlangan. 1992-yilda Barselona olimpiadasida dasturga qayta kiritilgan.
IKKI KURAKLI ESHKAK - Baydarka, kayak va pakraftlarda qo‘llanadigan ikki kurakdan iborat eshkak turi. Bunda eshkakning ikkita kuragi quvur – shaft bilan o‘zaro biriktiriladi. Sportchi quvurdan ushlab qayiqni eshkakning bir bu tomondagi kuragi bilan, bir ikkinchi tomondagi kuragi bilan eshib harakatlanadi.
JUFT ESHKAKLI QAYIQ - Sportchi ikkita eshkak bilan ikki tomondan eshadigan qayiq.
JUFTLIK QAYIQ - Ikkita eshkakchi harakatlanadigan qayiq turi.
KANOE [ispan. canoa – qayiq; Karib orollari hindulari tilidan o‘zlashgan] - Sportchi bir tizzada turib, oldinga qarab quloqsiz bir kurakli eshkak yordamida eshib harakatlanadigan qayiq turi.
KANOECHI - Kanoeda eshkak eshish bilan shug‘ullanadigan sportchi. O‘zbekistondagi eng mashhur kanoechi Vadim Menkov bo‘lib, 2008-yilgi Pekin olimpiadasida 500 va 1000 metr masofali poygalarda qatnashib, 1000 metrli poygada marraga 4-bo‘lib yetib kelgan. Shu yilgi mavsum yakuniga ko‘ra “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. 2023-yilda o‘zbekistonlik kanoechi Artur Guliyev Germaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 200 metr masofali poygada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
KANOEDA ESHKAK ESHISH - Sportchilar belgilangan masofani kanoeda eshkak eshib harakatlanadigan suv sporti turi. 1924-yilgi Olimpiada oʻyinlarida koʻrgazmali sport turi sifatida namoyish etilgan boʻlsa, 1934-yildan Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan.
KANOPOLO [ingl. Canoepolo – kanoeli polo] - Toʻp bilan oʻynaladigan jamoaviy suv sporti turi boʻlib, ishtirokchilar suv yuzasida qayiqlarda harakatlanib, raqib darvozasiga toʻp kiritishga harakat qilishadi. Oʻyin maydoni toʻgʻri toʻrtburchak shakliga ega akvatoriy boʻlib, uning hajmi 35×23 m oʻlchamiga ega. Oʻyinlar ham ochiq, ham yopiq suv havzalarida boʻlib oʻtadi. Suv sathidan 2 metr balandlikdagi 1×1,5 m li darvoza maxsus uskunalar bilan qotiriladi.
MARRA MINORASI - Qayiqli sport turlarida finish chizigʻida hakamlar va maxsus moslamalar uchun muvaqqat yoki muqim oʻrnatilgan inshoot.
REGATA [ital. regata – qator, saf] - Eshkakli, yelkanli yoki motorli qayiqlarda turkum poygalardan iborat sport musobaqasi turi. Turli klass kemalari uchun turkum poygalar tashkil qilinadi. Masalan, olimpiya dasturiga kiritilgan yelkanli regata 7 ta poygani oʻz ichiga oladi. Poygani toʻgʻri tamomlagan har bir kemaga ochkolar beriladi.
SAKKIZTALIK QAYIQ - Akademik eshkak eshishda sakkizta eshkakchi ikki qator bo‘lib o‘tirib bir kurakli eshkak bilan harakatlanadigan qayiq turi.
SHVERTBOT - Yassi tubli eng kichik qayiqchalar, Qayiqning suv tagidagi qismida harakatlantiruvchi maxsus jihoz – shvert bo‘ladi. Shvert suzgich shaklida bo‘lib, shamol tufayli yo‘nalish o‘zgarib ketishining oldini oladi. Svert bitta yoki ikkita bo‘ladi. Ikkita bo‘lsa, birin-ketin yoki qayiq markazidan ikki tomonda joylashadi. Boshqa qayiq turlaridan farqli o‘laroq shvertbotlar barqaror emas.
SLALOM [norveg. slalåm – nishablikdagi chang‘i izi] - Belgilangan murakkab marshrut boʻylab togʻdan changʻida tezkor tushishdan iborat sport turi.
TO‘RTTALIK QAYIQ - Eshkak eshishda to‘rtta eshkakchi bir yoki ikki kurakli eshkak bilan harakatlanadigan qayiq turi.
TRAVERS - Eshkakli slalomda tezkor suv oqimini kesib oʻtishda foydalaniladigan asosiy usul. Bunday usul tezkor oqimni kesib oʻtishda oqim yoʻnalishiga nisbatan oʻtkir burchak ostida qayiqning oqim tomonga ogʻishi bilan amalga oshiriladi.
YAKKALIK QAYIQ - Bitta eshkakchi harakatlanadigan qayiq turi.
YELKANLI SPORT (yoki yaxting) - Yelkanli qayiq yordamida masofani bosib oʻtish kerak boʻlgan suv sporti turi. Ilk bor yelkanli sport musobaqalari 1851-yilda tashkil etilgan. 1900-yilgi Parij Olimpiadasida yelkanli sport musobaqasi Olimpiada dasturiga kiritilgan. 1904-yil Sent-Luisdagi olimpiadada yelkanli sport boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmagan. 1960-yilda yelkanli sport musobaqalari boʻyicha universal qonun-qoidalar maʼqullangan va hozirgacha amalda. Oʻzbekiston yelkanli kema sporti federatsiyasi 1974-yilda tashkil qilingan. Sportchilarimiz Toshkent viloyatining Chorvoq suv ombori va Navoiy suv havzasida oʻz mashgʻulotlarini oʻtkazadilar.
YOLG‘IZ ESHKAKLI QAYIQ - Sportchi bitta eshkak bilan bir tomondan eshadigan qayiq.