Amerika kroli (olti zarbali krol) - avstraliya krolidan farq qilib, yuz butunlay suvga botiriladi, qo‘llar tekis va uzun harakatlar bilan suzadi, oyoqlar tizzalardan o‘rtacha bukilgan holda harakat qiladi, qo‘llarning bir sikl harakati davomida oyoqlar olti marta silkitiladi.
Avstraliya krol (ikki zarbali krol) - zamonaviy kroldan farqli o‘laroq, suzuvchi ko‘kragida yotgan holda boshini baland ko‘tarib, tirsaklarini bukkan qo‘llari bilan qisqa eshkak harakatlarini bajaradi va qarama-qarshi qo‘l kaftining suvga kirishi bilan bir vaqtda oyoq kaftlari bilan suvni pastga itarib suzadi.
BASSEYN - Suv sporti turlari bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan inshoot. Tuzilishi jihatidan basseynlar ikki turga bo‘linadi: suv havzalarida qurilgan (suvdagi tabiiy basseyn) va sun’iy suv havsasi. Vazifasiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi: sog‘lomlashtirish (ommaviy suzish mashg‘ulotlari uchun), o‘quv (12 yoshdan oshganlarni suzishga o‘rgatish uchun), “qurbaqacha” (12 yoshgacha bolalarni suzishga o‘rgatish uchun), sport (suzuvchilarning mashg‘ulotlari va musobaqalari uchun, musobaqa qoidalariga muvofiq qurilgan) basseynlar.
BATTERFLAY [ang. butterfly − kapalak] - Bu qorin bilan suzish usuli bo‘lib, unda tananing chap va o‘ng qismlari bir-biriga mos va bir vaqtning o‘zida harakat qiladi − qo‘llar keng va kuchli eshkak eshib, suzuvchi tanasini suv ustiga ko‘taradi, oyoqlar va tos esa to‘lqinsimon harakatlar bajaradi. Batterflay suzishning eng murakkab usullaridan biri hisoblanadi va tezlik bo‘yicha kroldan keyingi o‘rinda turadi.
Brass [fr. “brasse”, “brasser” − qorish, aralashtirish] - ko‘krakda suzish usuli bo‘lib, bunda qo‘l va oyoqlar suv yuzasiga parallel bo‘lgan tekislikda simmetrik harakatlarni bajaradi. Bu jihati bilan u vertikal tekislikda simmetrik harakatlar bajariladigan batterflay hamda qo‘l va oyoqlarning navbatma-navbat harakatlanadigan krol uslublaridan farq qiladi. Suzishning turli usullaridagi eng yuqori natijalarga qaraydigan bo‘lsak, brass eng sekin usul hisoblanadi.
Brass usulida sho‘ng‘ish - Brass usuli bilan suv ostida suzish. Oyoqlar harakati texnikasi xuddi brass usulida suzishdagi kabi, faqat oyoqlarning chanoq-son bo‘g‘imlaridagi bukilishi kamroq bo‘ladi. Qo‘l harakatlari ikki xil bo‘lishi mumkin: 1) brass usulida suzishdagi kabi; 2) sonlargacha cho‘zilgan uzun eshkak eshish (bu batterflyay usulida suzishdagi eshkak eshishni eslatadi).
Brass va delfin usulida suzishda burilish - Bu usullar bilan suzishda burilishning uch xil turi qo‘llaniladi: ochiq tekis, yopiq va mayatniksimon burilish.
Chalqancha krol (sport suzish usuli) - sportchi suvda deyarli gorizontal holatda orqasi bilan yotadi. Qo‘llar bilan olddan pastga va orqaga yo‘nalishda navbatma-navbat aylana shaklida eshkak eshish harakatlari bajariladi. Oyoqlar vertikal tekislikda ishlaydi. Nafas olish sikli qo‘llarning harakat ritmiga mos keladi: nafas olish qo‘lning suv ustidagi harakatining birinchi yarmida, nafas chiqarish esa eshish harakati yakunlangandan so‘ng amalga oshiriladi.
Chuqurlikka sho‘ng‘ish - Suzuvchining vertikal holatda eng chuqur suvga botishi.
KROL [ingl. front crawl – oldinga emaklash] - qorinda suzishning bir turi bo‘lib, bunda tananing chap va o‘ng qismlari galma-gal harakat qiladi. Har bir qo‘l suzuvchi tanasi bo‘ylab keng − “eshkak eshgandek” harakatlanib, bu paytda oyoqlar ham o‘z navbatida galma-gal ko‘tarilib tushadi. Suzuvchining yuzi suvda bo‘ladi. Nafas olish uchun bosh qo‘llar harakatiga muvofiq suv yuzasida o‘ng yoki chap tarafga buriladi. Krol suzishning eng tez usuli hisoblanadi. Erkin suzish bo‘yicha musobaqalarda aksariyat sportchilar aynan krol uslubini afzal ko‘radilar, shuning uchun “erkin uslub” va “krol” deyarli sinonim bo‘lib qolgan. Tananing yuztuban holati suzuvchiga qo‘llarini suv ostida erkin harakatlantirish imkonini beradi. Bu jihati bilan qo‘lni suvga chuqur harakatlantirish qiyin bo‘lgan chalqancha suzishdan krol usuli afzalroqdir. Qo‘lni suv ustidan oldinga o‘tkazish brass usulida suzishga nisbatan suvning qarshiligini kamroq his etishni anglatadi. Agar batterflay usuli bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, krolda qo‘llarni navbatma-navbat harakatlantirish butun tanaga o‘ng va chap tomonga yengil burilishga imkon beradi. Qo‘llarning muqobil harakati ham bir tekis tezlashishga olib keladi.
Ko‘krakda krol (sport suzish usuli) - erkin uslubdan foydalanishga ruxsat berilgan eng tez musobaqa usulidir. Sportchi ko‘krakda suzadi, boshi suvga to‘liq botadi, qo‘llari bilan navbatma-navbat doiraviy harakatlar qiladi. Qo‘llar sportchining tos chizig‘i yaqinida yelkadan boshlab suvdan chiqadi, oyoqlar esa ikki, to‘rt yoki olti zarbli ritmda harakat qilishi mumkin.
Krol usulida sho‘ng‘ish - Suv ostida krol usulida suzish. Texnikaning ikki xil varianti qo‘llaniladi: faqat oyoqlar harakati bilan sho‘ng‘ish (qo‘llar oldinga cho‘zilgan holda); oyoq va qo‘llar harakati bilan sho‘ng‘ish (qo‘llar harakati ko‘krakda krol va brass usullaridagi kabi bo‘lishi mumkin).
Krolning yengillashtirilgan varianti - mavjud bo‘lib, unda faqat bitta qo‘l eshkak eshaydi, ikkinchisi esa shu paytda oldinga cho‘zilgan holda turadi, so‘ngra qo‘llar almashadi. Bunday eshish usuli “quvib yetuvchi” deb ataladi va uning afzalligi − kamroq kuch sarflanishi, chunki cho‘zilgan va kam harakatlanuvchi tana suvga kamroq qarshilik ko‘rsatadi. Bu usul tezligi pastroq bo‘lgani sababli musobaqalarda qo‘llanilmaydi, biroq sportchilar ko‘pincha mashg‘ulotlarda foydalanadilar, chunki u tananing suvdagi to‘g‘ri holatini mashq qilish imkonini beradi.
MORJ CHO‘MILISH (CHINIQTIRISH) - Qishda cho‘milish; salomatlikni mustahkamlash va chiniqtirishning kuchli vositasi.
Nafas olish - Nafas olish juda qisqa vaqt ichida amalga oshirishi kerak. Buning uchun mukammallashtirilgan harakat texnikasi talab etiladi. Nafas olish qo‘llar harakatining yakuniy bosqichida boshlanadi − ko‘krak darajasidagi eshish tanani suv yuzasidan ko‘taradi. Shu paytda suzuvchi boshini ko‘tarib, og‘zi orqali nafas olishi mumkin. Tajribali sportchilar nigohini qarama-qarshi devorning pastki qismiga qaratgan holda, ya’ni boshni biroz egilgan holatda saqlab qolishga erishadilar − bunday holatda tana yaxshiroq muvozanatlangan va to‘g‘riroq bo‘ladi. Qo‘llar oldinga siltanishni boshlaganida, bosh yana suvga cho‘kadi. Boshni suv yuzasida uzoq ushlab turmaslik lozim − bu orqaga qaytish harakatini sekinlashtiradi. Nafas chiqarish keyingi sikl davomida og‘iz va burun orqali keyingi nafas olgungacha davom etadi. Ba’zi suzuvchilar kroldagidek yon tomondan nafas olishni ma’qul ko‘radilar, bunda boshqa barcha sharoitlar o‘zgarishsiz qoladi.
Oyoq harakatlari - Suzishda oyoqlar baravar va simmetrik harakatlarni bajaradi. Oyoqlar harakatini ikki qismga ajratish mumkin: tayyorgarlik (tortilish) va itarilish (itarilishdan so‘ng oyoqlar harakatida qisqa to‘xtash kuzatiladi).
Oyoq harakatlari - Qisman kroldagi harakatni eslatadi, biroq oyoqlar navbatma-navbat emas, balki bir vaqtning o‘zida harakatlanadi va bunda boshqa mushak guruhlari ishga tushadi. Oyoqlarning pastga kuchli va yuqoriga kuchsiz harakati tufayli yelka va bosh suvdan ko‘tariladi, so‘ngra oyoqlarning yana pastga kuchli va yuqoriga kuchsiz harakati orqani ko‘taradi. Bu ikki harakat tananing tabiiy to‘lqinsimon tebranishlari tufayli uzluksiz davom etadi. Bunda kuch yo‘qotilmasligi uchun oyoqlar birlashtirilgan holda saqlanadi. Oyoq kaftlari pastga qaratilgan bo‘ladi. Qoidalarda suzuvchi bir siklda necha marta oyoq bilan zarba berishi kerakligi ko‘rsatilmagan. Bu qulaylikka bog‘liq bo‘lib, odatda bir siklda 2 ta zarba beriladi.
Oyoqlar harakati - Oyoqlar bir-biriga qarama-qarshi yo‘nalishda harakat qiladi: biri ko‘tarilsa, ikkinchisi tushadi, keyin esa aksincha bo‘ladi. Oyoqlarning harakati oldinga siljishni ozgina tezlashtiradi, ammo asosan tananing muvozanatini saqlashga yordam beradi. Buni suzuvchining oyoqlari suzish taxtasini qisib, harakatsiz qolgan holda bajariladigan mashg‘ulotlarda yaqqol his qilish mumkin.
QUTQARUV HALQASI - Suvda qo‘llaniladigan eng oddiy qutqaruv vositasi hisoblanadi. Penoplast yoki probkadan yasalgan bo‘lib, mustahkam (yelkanli) mato bilan qoplangan va qizil hamda oq ranglarga bo‘yalgan bo‘ladi. Halqaning tashqi chekkasi bo‘ylab to‘rt joyga mahkamlanadigan arqon o‘tkaziladi. Halqaning tashqi diametri 60-80 cm, vazni 4-7 kg, yuk ko‘tarish qobiliyati 8-12 kg ni tashkil etadi.
Qo‘l harakatlari - chap va o‘ng qo‘llarning navbatma-navbat harakati. Bir qo‘l eshkak tortayotganda, ikkinchisi suv ustidan oldinga o‘tkaziladi. Qo‘llar bilan eshish harakatlantiruvchi kuchning asosini tashkil etadi (eshish paytida asosiy kuch yelka orqali amalga oshiriladi, kaft va bilak harakatlari esa faqat yelka harakatlarini to‘ldirishi lozim). Har bir eshish harakati uch bosqichga bo‘linishi mumkin: o‘ziga tortish, o‘zidan itarish va oldinga siljitish.
Qo‘l harakatlari - Ular uch bosqichga bo‘linadi: tashqariga eshish, ichkariga eshish va qaytish. Sikl tashqariga eshishdan boshlanadi. Avval qo‘llar suvga chuqurroq tushiriladi, so‘ngra kaftlar tashqariga qaratilgan holda bir-biridan uzoqlashtiriladi. Qo‘llar deyarli to‘g‘ri va suv yuzasiga parallel holatda bo‘ladi. Keyin ichkariga eshish bosqichi boshlanadi. Kaftlar pastga qaratiladi va suv orqaga itariladi. Harakat taxminan yelka darajasigacha davom etadi. Shundan so‘ng, kaftlar ko‘krak oldida birlashadi, tirsaklar esa gavda yonlarida bo‘ladi. Qaytish bosqichida qo‘llar yana oldinga, boshlang‘ich holatga qaytadi. Butun sikl qo‘llarning sekin harakati bilan boshlanib, keyin tezlik oshadi va ichkariga eshish bosqichida eng yuqori nuqtaga yetadi, so‘ngra qaytish bosqichida yana pasayadi. Asosiy vazifa − ichkariga eshish orqali maksimal harakatlantiruvchi kuch hosil qilish va qaytishda minimal qarshilikka erishishdir.
Qo‘l harakatlari - Ular uch asosiy fazadan iborat − o‘ziga tortish, o‘zidan itarish va qaytarish, ammo bularni maydaroq qismlarga ham bo‘lish mumkin. Harakat boshida qisman brass usulini eslatadi: qo‘llar kaftlari bilan yon tomonlarga (va biroz pastga) qaragan holda taxminan yelka kengligida suvga tushiriladi, so‘ngra Y harfi shaklida yoyiladi. “O‘zidan itarish” fazasida qo‘llar tana atrofida yarim doira chizadi, bunda tirsaklar kaftlardan yuqorida, kaftlar esa pastga va biroz ichkariga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Harakat taxminan son uzunligining 1/3 qismigacha yetgach, qaytarish boshlanadi. Qo‘llar tezligi boshidan to harakatning oxiridagi eng yuqori tezlanish nuqtasigacha oshib boradi. Bu tezlanish tananing old qismini suv yuzasiga chiqarish uchun yetarli kuch hosil qiladi.
SHO‘NG‘ISH - Yordamchi vositalar va uskunalardan foydalanmasdan suvga bosh bilan sho‘ng‘ish yoki suv ostida harakat qilish. Bu ko‘nikma insonning kundalik hayotida, mehnat faoliyatida va harbiy sohalarda qo‘llaniladi. Sportda esa suzuvchilar, suvga sakrovchilar, suv to‘pi o‘yinchilari, suv chang‘ichilari, yelkanli qayiq haydovchilari va boshqa suv sporti turlari vakillarining harakat faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. 1934-yildan boshlab sho‘ng‘ishning maksimal uzunlikka, chuqurlikka va suv tubida uzoq qolish kabi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish bekor qilingan. Sho‘ng‘ishda krol, brass va yonboshlab suzish usullari texnikasi biroz o‘zgartirilgan holda aralash qo‘llaniladi. Shug‘ullanuvchilar sportcha suzish usullaridan biri (krol yoki brass)ning texnikasini o‘rganar ekanlar sho‘ng‘ishni ham o‘rganishlari mumkin. O‘quv jarayonida 5 m chuqurlikka va 50 m uzunlikka sho‘ng‘ishni o‘rgatish nazarda tutiladi.
SURILISH - Suzuvchining harakatlar siklining fazalaridan biri; suzuvchi qo‘llari bilan eshgandan so‘ng sirpanuvchi holatda oldinga siljishi. Bu harakat suzuvchining suvda ilgarilab borishi uchun muhim ahamiyatga ega.
SUVDA BIRINCHI YORDAM KO‘RSATISH - Suv havzalarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi (nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligini ta’minlash, sun’iy nafas berish, yurakni tashqi tomondan uqalash va hokazo).
SUVNING ZICHLIGI - Suvning hajm birligidagi massasi; zichligi bir kub metrga kilogramm (kg/m³) hisobida o‘lchanadi. Suvning havoga nisbatan yuqori zichligi (qariyb 800 barobar) suzuvchining harakatlanishiga sezilarli qarshilik ko‘rsatadi. Shu sababli, suzuvchi suzish uchun tanasining gorizontal holatini saqlashi va katta kuch bilan harakat qilishi kerak.
SUZISH UCHUN KURAKCHALAR - Suzuvchilarni mashq qildirishda qo‘llaniladigan anjom; suzuvchining kaft ichki tomoniga mahkamlanadigan plastik moslama. Ular kaftning tayanch yuzasini kengaytiradi va eshish sifatini yaxshiroq boshqarish imkonini beradi.
SUZISHDA BURILISH - Suzish texnikasining elementi. Burilish shartli ravishda quyidagi bosqichlarga bo‘linadi: devorga yaqinlashish, aylanish, depsinish va sirpanish, suzish harakatlarini boshlash va suv yuzasiga chiqish. Nafas olish vaqtiga ko‘ra burilishlar ochiq va yopiq turlarga, aylanish xususiyatiga ko‘ra esa oddiy va murakkab turlarga bo‘linadi.
SUZUVCHINING START MAYDONI - Basseynning start tomonidagi kengligi kamida 3 metr bo‘lgan bo‘sh maydoncha. Bu maydonda start ko‘prikchasi va uning ustidagi start tumbalari joylashgan bo‘ladi. Ko‘prikcha yoki tumbaning old qirrasining suv sathidan balandligi 50-75 santimetrni tashkil etadi.
SUZUVCHINING SUVDA HARAKATLANISH QOBILIYATI - Suzuvchining suvda minimal gidrodinamik qarshilik kuchi bilan ilgarilanishi uchun tabiiy yoki sun’iy ravishda yaratilgan qobiliyati. Eng qulay shakl tomchisimon shakldir. Noto‘g‘ri texnika (boshni pastga egish, belni bukish, oyoqlarni to‘liq to‘g‘rilamaslik) tananing suvda harakatlanish qobiliyatini yomonlashtiradi va suzuvchining oldinga siljishini sekinlashtiradi.
Sakrash - Sportchi startda suvga sakraydi, keyin suv ostida sirpanish fazasi boshlanadi, bunda oyoqlar to‘lqinsimon yoki vertikal harakatlar bilan harakat qiladi. Suv ostida eng ko‘pi bilan 15 metr masofani bosib o‘tish mumkin. Basseynning boshqa chetiga yetganda, sportchi devordan itarilib, bir vaqtning o‘zida qorniga ag‘dariladi. Qisqa muddatli suv osti sirpanish fazasidan so‘ng, sportchi batterflay yoki krol uslubidagidek oyoqlarini harakatlantiradi va suv yuzasiga chiqadi.
Start - Oddiy start qo‘llaniladi. Sakrashdan so‘ng suv ostida sirpanish fazasi boshlanadi, bu vaqtda oyoqlar to‘lqinsimon harakatlar bajaradi. Suv osti fazasi juda muhim, chunki bu paytda suvning qarshiligi eng kam bo‘ladi. Shuningdek, suv ostida sirpanayotganda sportchi qo‘llarini ishlatmaydi, ular keyinchalik suzish vaqtida to‘liq kuch bilan ishlaydi. Qoidalarga ko‘ra, suv ostida maksimal 15 metr suzish mumkin, shundan keyin sportchining boshi suv yuzasiga chiqishi shart.
Sun’iy basseyn - Suv sporti turlari bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan inshoot. Uzunligi 25,50 metr, kengligi 15-25 metr va chuqurligi 1,2-2,2 metr bo‘lgan temir-betondan yasalgan hovuz. Start maydonchasi, start tumbalari, yordamchi va qo‘shimcha xonalardan tashkil topgan. Basseyn suvni tozalash, zararsizlantirish (xlor, kumush, ozon yordamida) va 24-28° gacha isitish uchun moslamalar bilan jihozlangan bo‘ladi. Sun’iy basseynlar yopiq va ochiq (suvi isitiladigan) turlarga bo‘linadi.
Suvdagi eng oddiy basseyn - Suzish uchun eng oddiy sport inshooti bo‘lib, u start maydonchasi, start tumbalari, start va burilish devorlaridan iborat, ular orasida to‘lqin so‘ndiruvchi yo‘laklar tortiladi. Start maydonchasi ostidagi suv chuqurligi kamida 1,2-1,8 metr, burilish devori yonida esa kamida 0,9-1,2 metr bo‘lishi lozim. Basseyn uzunligi 50, 25 yoki 12,5 metr bo‘lishi mumkin. Basseynning kengligi yo‘laklar soni bilan aniqlanadi, har bir yo‘lakning kengligi 2-2,5 metr bo‘lishi kerak.
TANA TUZILISHI - Ko‘ndalang tuzilishi. Inson tanasini yuqori va quyi qismlarga ajratish. Tananing sagittal tuzilishi. Tananing aniq o‘rtasidan o‘tib, uni chap va o‘ng yarimlarga ajratish. Tananing frontal tuzilishi. Tanani old va orqa qismlarga ajratish.
Tabiiy basseyn - Suvni sun’iy almashtirishni va tozalashni talab qilmaydigan, ommaviy suzish mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan suv havzasi (dengiz, ko‘l, daryo, hovuz va boshqalar) yuzasidagi inshoot. Mashg‘ulot o‘tkaziladigan joyning chuqurligi va o‘lchamlari uning maqsadiga qarab tanlanadi. Suzish joyi suvda qalqima belgilar bilan chegaralanadi. Qirg‘oqdan suv havzasi tomon suzish maydonining kengligi 20 metrdan oshmasligi lozim.
Tana harakatlari - Batterflayda murakkab harakatlar muvofiqligini to‘g‘ri tana harakatlari yordamida yengillashtirish mumkin. Yelkalar pastga tushganda, sonlar yuqoriga ko‘tariladi va tos suvning sathini kesib o‘tadi, natijada tana bo‘ylab go‘yo to‘lqin o‘tgandek bo‘ladi. Keyingi suzish bosqichida yelkalar yuqoriga harakatlanadi, shunda sonlar pastga tushadi, bu harakat kuchliroq tuyuladi.
Tortish - tayyorgarlik harakati bo‘lib, oyoqlarni tizzadan yumshoq bukishdan boshlanadi. Bunda sonlar kuchlanish olmaydi; bo‘shashgan oyoq kaftlari suv yuzasiga yaqin harakatlanadi; tizzalar taxminan chanoq kengligida yonga ochiladi. Tayyorgarlikning yakunida sonl, boldir va oyoq kaftlari itarilishni boshlash uchun tezda dastlabki holatga qaytadi. Tizzalar chanoqdan biroz kengroq ochiladi, oyoq kaftlari oxirigacha bukiladi, boldirlar suv yuzasiga deyarli tik holatga keladi (bir lahzadan so‘ng oyoq kaftlari barmoqlari bilan tashqariga tez burilib, orqaga itariladi). Tortish harakati oyoq kaftlari burilish paytiga qadar tezlanib boruvchi ravon harakat bilan bajariladi.
Uzunlikka sho‘ng‘ish - Suzuvchining suv sathi ostida gorizontal holatda ma’lum masofaga harakatlanishi (sho‘ng‘ish chuqurligi 1,0-1,5 metrni tashkil etadi).
Yig‘ma basseyn - Qismlarga ajratiladigan, suv quyib to‘ldiriladigan basseyn. 6 x 3 x 1,3 metr o‘lchamli (hozirda turli o‘lchamda bor) ko‘chma basseyn metall karkas va rezinalangan matoli suv to‘plagichdan iborat bo‘lib, suzishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan eng oddiy ochiq sun’iy inshootdir. U yuqori o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga ega va atigi bir necha kun ichida o‘rnatilishi mumkin.
Yonboshlab sho‘ng‘ish - Suv ostida yonboshlab suzish. Qo‘l harakatlari brass yoki batterflyay suzish usullaridagi kabi bajariladi, oyoq harakatlari esa yonboshlab suzishdagi kabi amalga oshiriladi.