AMERIKA OCHIQ CHEMPIONATI [ingl. – The United States Open Tennis Championships; US Open] - Katta dubulg‘a turnirlariga kiruvchi eng yirik tennis musobaqalaridan biri bo‘lib, to‘qqizta toifada g‘olib aniqlanadi: 5 tasi – kattalar orasida, 4 tasi – yuniorlar orasida. Hozirda Amerikaning Nyu-york shahrida Milliy tennis markazi kortlarida o‘tkaziladi. Turnir tashkilotchisi – AQSh tennis assotsiatsiyasi. 1978-yildan qattiq maydonlarda o‘tkaziladi. Ilk bor musobaqa 1881-yilda erkaklar o‘rtasida Nyuport shahrida o‘tkazilgan. Turnirning birinchi g‘olibi – Richard Sirs. Ayollar o‘rtasida musobaqa ilk bor 1887-yilda Filadelfiyaning Kriket klubida o‘tkazilgan. 1978-yildan musobaqa joyi Forest Xillsdan Flashing Medousga ko‘chirildi va hozirga qadar shu kortlarda o‘tkaziladi. Turnirning asosiy korti – “Ochiq era”da 1968-yilda ilk turnir g‘olibligini qo‘lga kiritgan tennischi sharafiga nomlangan va 23 ming tomoshabinni bag‘riga sig‘dira oladigan Artur Esh stadioni.
ASOSIY TO‘R - Muayyan turnirdagi saralash va qur’atashlash natijasida tennischilar o‘zaro o‘yini taqsimoti. Musobaqaning asosiy to‘ridan joy olgan tennischi o‘z o‘rniga ega bo‘ladi va o‘yin orqali birinchi davra g‘olibi aniqlanadi. G‘olib to‘r bo‘yicha keyingi davraga yo‘l oladi. Tennisda asosiy to‘r 8; 16; 32; 64; 128 ta o‘yinchidan iborat bo‘lishi mumkin. Katta dubulg‘a va Masters kabi yirik turnirlarda 128 ta tennischi ishtirok etadi.
ATP REYTINGI [ingl. ATP Reyting] - Erkak tennischilarning yutuqlari sarhisob qilib boriladigan, har hafta yangilanadigan rasmiy ro‘yxat. 2009-yildan boshlab tizimga jiddiy o‘zgarishlar kiritilgan. Har bir sportchiga mavsum davomida musobaqalarda ko‘rsatgan eng yaxshi 18 ta natija hisoblanadi. ATP Yakuniy turniri finalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan 8 nafar tennischi hisobiga turnir natijasi 19-turnir sifatida yoziladi. O‘zbekistonlik tennischilardan ATP reytingidagi eng yaxshi ko‘rsatkich Denis Istominga tegishli bo‘lib, 2012-yilning 13-avgustida 33-o‘ringa ko‘tarilgan.
ATP YAKUNIY TURNIRI [ingl. ATP Finals] - Erkak tennischilar o‘rtasidagi professional mavsumni yakunlovchi tennis musobaqasi. Musobaqa joriy yilda eng yaxshi natija ko‘rsatgan tennischilar va juftliklar o‘rtasida o‘tkaziladi. Birinchi musobaqa Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan. Boshqa yirik tennis musobaqalaridan farqli o‘laroq ATP yakuniy turniri doimiy o‘tkazilish joyiga ega emas. Uni o‘tkazish uchun ko‘pgina shahar va mamlakatlar raqobatlashadi. Qoidaga ko‘ra turnirda yakkalik bahslarida 8 ta tennischi va juftlik musobaqalarida 8 ta juftlik kuch sinashadi. Ishtirokchilar ATP Reytingi asosida aniqlanadi, ammo joriy mavsumdagi Katta dubulg‘a g‘oliblaridan biriga turnirdan joy olib qo‘yiladi (agarda u reytingda 8-o‘rindan pastroqda, lekin 20-o‘rindan yuqorida joylashgan bo‘lsa). Demak, faqatgina reytingda yettitalikka kirish turnirda ishtirok etishni kafolatlay oladi.
AUT [ingl. aut – tashqarisida] - Raqib zarbasidan song to‘p kort tashqarisiga tushgan holat. Bunda ochko raqibga beriladi.
AVSTRALIYA OCHIQ CHEMPIONATI [ingl. Australian Open] - “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi to‘rtta yirik musobaqaning biri. Musobaqalar hozirda Melburn shahrining “Melburn-park” sport majmuasida o‘tkaziladi. Turnirning asosiy to‘ri yanvar oxiri – fevral boshlarida o‘kaziladi. Turnir tashkilotchisi – Tennis Australia. 1988-yildan beri xard kortlarda o‘tkaziladi. Musobqa ilk bor Melburn shahrida 1905-yilda bo‘lib o‘tgan. Anda 17 ta tennischi ishtirok etgan. 1969-yildan professionallar uchun ochiq. 1905-yildan musobaqalar 6 ta turli shaharda bo‘lib o‘tgan: Melburn (54 marta), Sidney (17 marta), Adelaida (14 marta), Brisben (7 marta), Pert (3 marta), yangi Zelandiya (2 marta). 1972-yildan har yili bitta joyda, Kuyong tennis klubi (Kooyong Lawn Tennis Club) ning chim maydonlarida o‘tkazishga qaror qilindi. Vaqt o‘tishi bilan Kuyong kattalashib borayotgan turnirga kichiklik qiladigan bo‘ldi. 1988-yilgi musobaqalarga yangi Melburn park tennis majmuasi qurilishi nihoyasiga yetdi. Musobaqaning yangi maydonga ko‘chirilishi tomoshabinlar soni oshishiga xizmat qildi.
BAROBAR - Geymda g‘olib bo‘lish uchun har ikkala o‘yinchiga kamida ikkita to‘pni qo‘lga kiritish kerak bo‘lgan vaziyat. Geymda g‘olib bo‘lish uchun 4 ta to‘pni qo‘lga kiritish kerak. Raqib kamida ikkita to‘p farqi bilan oldinda bo‘lishi kerak. Ikkala tennischi 3 tadan to‘pni qo‘lga kiritsa, hisob 40-40 bo‘ladi va hisob “barobar” bo‘ladi. Barobar hisobidan keyin tennischi to‘pni qo‘lga kiritsa, geymni o‘z foydasiga hal qilish imkoni paydo bo‘ladi. Agar sportchi geymboldan foydalana olmasa, hisob yana barobar bo‘ladi.
BEKXEND [ingl. backhand – orqa qo‘l] - To‘p sakrashidan song uni o‘ynaydigan qo‘lning qarama-qarshi tomonidan kaftning tashqarisi bilan zarba berib qaytarish.
BOLBOY [ingl. ballboy – to‘p va bola] - Katta tennisda o‘yindan chiqib ketgan to‘plarni yig‘ib, tennischilarga uzatadigan o‘g‘il yoki qiz. Ilk bor ushbu so‘z 1920-yilda Angliyada “Uimbldon” futbol jamoasining uy stadionida ishlatilgan. Ular o‘yin tashqarisiga chiqib ketgan koptoklarni uzatishdan tashqari, o‘yinchilarga suv olib kelishgan va hatto stadionni yig‘ishtirishgan.
BREYK [ingl. break – sindirish, barham berish] - Raqib to‘pni o‘yinga kiritgan vaziyatda geymni yutib olish.
BREYK-POINT [ingl. break – sindirish, barham berish, point – ochko] - To‘pni qabul qilayotgan tennischi geymda g‘olib bo‘lish uchun bitta to‘pni qo‘lga kiritish yetarli bo‘lgan vaziyat.
BURGUTNIGOH [ingl. Hawk-Eye – burgut ko‘z] - Tennis, kriket, voleybol kabi sport turlarida keng qo‘llanadigan, koptok yo‘nalishini modellashtiruvchi dasturiy ta’milot va apparat majmua. Uning yaratuvchisi britaniyalik Pol Xoukinz sanaladi. U kriket o‘yinchisi bo‘lgani uchun tizim dastlab aynan kriketda qo‘llana boshlagan. Tizimni ishlab chiqarish Roke Manor Research kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, ilk bor real sharoitlarda 2001-yilgi sport musobaqalarda sinovdan otkazilgan. 2017-yildan Hawk Eye Live tizimining chiziq hakamlaridan butunlay voz kechish imkonini beradigan yangi avlodi ishga tushirildi. Tennisda burgutnigoh (xokay) ALC (Automated Line Calling systems) tizimining bir turi. Ushbu tizimi tennis madaniyatining ajralmas qismiga aylanib, musobaqaga joziba bag‘ishlaydi va sportchilardagi “toza o‘yin” ruhini oshirishga xizmat qiladi. U quyidagicha ishlaydi: kortga 10 ta kamera o‘rnatiladi (har bir tomonga 5 tadan). Kameralar sekundiga 60 tadan kadrni amalga oshiradi. Kop sonli ikki o‘lchamli tasvirlar to‘p tezligi va trayektoriyasini aniqlash imkonini beradi. Barcha tasvirlar kompyuterga yuklanadi va to‘p uchishining modeli yaratiladi. Burgutnigoh takrorlari aslida bo‘lgan narsa emas, balki aniq qayta yaratilgan voqelik.
CHIM QOPLAMA - Katta tennis o‘ynaladigan eng qadimgi qoplama. Tennis chim maydonlarda shakllangan. 1970-yilgacha asosiy tennis musobaqalari aynan chim qoplamali maydonlarda o‘tkazilgan. Tennisning dastlabki nomi – laun-tennis ham aynan “laun” (chim) so‘zidan olingan. Boshqa qoplamalardan to‘p sakrashining pastligi va tezkorligi bilan ajralib turadi. Bunday qoplamalarni yaratish va saqlash juda qimmat. Chim qoplamalarda o‘tkaziladigan eng yirik tennis musobaqasi Uimbldon sanaladi. Odatda avstraliyalik va buyukbritaniyalik tennischilar chim qoplamalarda kuchli sanalishadi.
CHIZIQ HAKAMI - Katta tennisdagi uchta hakam turidan biri. Chiziq hakami to‘pning kortga tushgan-tushmaganligini va tennischi to‘p oshirayotganda oyog‘i bilan chiziqdan tashqariga chiqib ketmasligini nazorat qiladi. Ikkilanish bo‘lganda chiziq hakami arbitrga murojaat qiladi va qaror qabul qilish huquqini unga beradi.
DEVIS KUBOGI [ingl. – Davis Cup] - Tennisda erkaklar o‘rtasida o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro jamoaaviy musobaqa turi. Musobaqa 1900-yildan beri muntazam o‘tkaziladi, 1979-yildan Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) shafeligida o‘tkazib kelinadi. Turli davlatlarning tennis jamoalari o‘z aralarda kuch sinashadi, mag‘lub bo‘lgan jamoa musobaqadan chiqib ketadi. Jamoaviy tennis musobaqalarini o‘tkazish g‘oyasi Garvard universitetining 4 ta talabasiga tegishli. Duayt Devis musobaqani o‘tkazish qoidalarini ishlab chiqib, g‘olibga taqdim etish uchun o‘z pullariga kumush kubok xarid qiladi. Ilk musobaqa 1900-yilda AQShning Massachusets shtatidagi Bruklayn shahrida bo‘lib o‘tgan. Turnir dastlab Xalqaro laun tennis musobaqasi (International Lawn Tennis Challenge) deb nomlangan bo‘lib, Duayt Devis vafotidan song, ya’ni 1945-yildan uning nomi bilan atala boshladi. Devis kubogining yubiley 100-turnirida 129 ta milliy jamoa ishtirok etgan. O‘zbekiston Devis kubogida 1994-yildan beri ishtirok etadi. Mamlakatimiz Devis kubogining pley-of musobaqalarida bir necha bor ishtirok etgan.
EYS [ingl. ace – ochko] - Tennisda raqib to‘p oshirgach, to‘p maydonga tushib, to‘pni qabul qilayotgan tennischi to‘pga raketkasi tegmay, maydondan chiqib ketgan va to‘p uzatayotgan sportchiga ochko keltirgan holat. O‘yin statistikasida eyslar hisoblab boriladi.
FORXEND [ingl. fore hand – kaftning ichki tomoni] - Tennis o‘ynaydigan qo‘lning (o‘ngaqayda – o‘ng qo‘l, chapaqayda – chap qo‘l) ochiq kafti bilan bajariladigan zarba. Forxend zarbani eng yaxshi bajaradigan tennischilardan biri Rafael Nadal hisoblanadi.
FRANSIYA OCHIQ CHEMPIONATI q. Rollan Garos. - Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi musobaqalarning uchinchisi bo‘lib, tuproqli kortlarda o‘ynaladi. Boshqacha nomi – Fransiya ochiq chempionati. Ilk bora Parijda 1891-yilda o‘tkazilgan. Ayollar o‘rtasida musobaqa ilk bor 1897-yilda o‘tkazilgan. XX asrning 20-yillarigacha musobaqa mahalliy ahamiyat kasb etgan. 1924-yildagi Parijdagi Olimpiada o‘yinlaridan song turnir dunyo tennischilari uchun ochiq deb e’lon qilindi. 1928-yilda tennis turniri o‘z maydoniga ega bo‘ldi. Ushbu maydon Fransiya va AQShning Devis kubogidagi javob uchrashuvi uchun qurilgan bo‘lib, mashhur aviasoz, Birinchi jahon urushi qahramoni Rollan Garros nomi bilan ataldi.
GEYM - Tennis musobaqasida setning bir qismi bo‘lib, unda o‘yin to‘rtta to‘pgacha o‘ynaladi. Geymda g‘olib bo‘lish uchun kamida 2 ta to‘p farqi bo‘lishi kerak.
GEYMBOL [ingl. game – o‘yin, ball – to‘p] - Geymdagi g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun o‘nalayotgan to‘pni qo‘lga kiritish yetarli bo‘lgan vaziyat.
KATTA DUBULG‘A - Avstraliya ochiq chempionati, Fransiya ochiq chempionati yoki Rollan Garros, Uimbldon turniri hamda Amerika ochiq chempionatidan iborat eng yirik tennis musobaqasi. Bir mavsum doirasida ushbu nufuzli musobaqalarning barchasida g‘olib bo‘lgan sportchi “Katta dubulg‘a”ni qo‘lga kiritgan hisoblanadi. “Katta dubulg‘a” nomi o‘zbek tiliga kalka orqali rus tilidagi “Большой шлем” atamasidan tarjima qilib olingan. Ruscha nom esa, o‘z navbatida, inglizcha “grand slam”dan olingan. “Grand slam” atamasi “brij” qarta o‘yinidagi grand slamdan kirib kelgan. Brij o‘yinida “slam” bir yurishda barcha yutuqli qartalarni qo‘lga kiritishni anglatadi. “Slam” ingliz tilidan tarjima qilinganda “kuchli zarba” demakdir. Qarta o‘yinida bir yurishda hamma yutuqli qartalarni yutib olish bir zarba berish harakatiga o‘xshatilgan. Ruschaga xato tarjima qilingani tufayli, atama o‘zbek tiliga ham xato tarjima qilingan. “Katta dubulg‘a”ning brij o‘yinidan tennisga ko‘chib o‘tishi tarixi ham juda qiziq. 1933-yilda avstraliyalik Jek Krouford yirik uchta musobaqada g‘alaba qozonib, Nyu-Yorkdagi Amerika ochiq chempionatining finaliga chiqib, to‘rtinchi yutuqni ham qo‘lga kiritishga hozirlanayotgan edi. Sport dunyosining yirik voqeligi bo‘lmish Amerika chempionatini Nyu-York tayms gazetasi sahifalarida yoritayotgan va qarta o‘yinlaridan yaxshigina xabardor sport muxbiri Jon Kiran ushbu muvaffaqiyatni qartadagi katta yutuq bilan qiyoslab, shunday deb yozgan edi: “Agarda Krouford bugun Perri ustidan g‘alaba qozonsa, bu kortda katta shlemni qo‘lga kiritish bilan teng bo‘lar edi”. Krouford o‘yinda mag‘lub bo‘ladi, ammo ibora yashab qoladi. Yana boshqa farazga ko‘ra, iboraning kelib chiqishi 1938-yilda paydo bo‘lgan. Shu yili Donald Baj yil davomida to‘rtta turnirning barchasida g‘alaba qozongan. Mashhur amerikalik jurnalist Ellison Dansig bu hodisani quyidagicha ta’riflagan: “brij o‘yinidagi muvaffaqiyatli o‘yinchi singari Baj bir yil ichida to‘rtta yirik musobaqada g‘alaba qozonib, Katta shlemni qo‘lga kiritdi”.
KORT [ingl. court < lot. cohors – chegaralangan joy] - Markaziga to‘r o‘rnatilgan, tennis o‘ynash uchun mo‘ljallangan tekis, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi maydon. Yakkalik bahslarida kortning uzunligi 26 yard (23,77 m), eni 9 yard (8,23 m) ni tashkil etadi. Juftlik bahslarida kort eni 12 yard (10,97 m) ni tashkil etadi. Kort qoplamasi turlicha bo‘lishi mumkin: chim kort, tuproqli kort, qattiq qoplamali (xard) kort. Shuningdek, asphalt va betonli qoplamalar ham bor.
KO‘PROQ - Geymda hisob 40:40 bo‘lgan vaziyatda tennischi to‘pni qo‘lga kiritgan vaziyat. Ikkinchi qo‘lga kiritilgan to‘p orqali sportchi geymni o‘z foydasiga hal qiladi, chunki hisob teng bo‘lgan vaziyatda geymda g‘olib bo‘lish uchun kamida ikkita to‘p farqini yuzaga keltirish kerak.
KROSS [ingl. cross] - Maydonning bir burchagidan diagonal bo‘ylab raqib maydoniga yo‘llangan zarba.
LAYNSMEN q. chiziq hakami. -
MATCH - Yakkalik tennis musobaqalarida ikkita tennischi, juftlik va aralash turdagi musobaqalarda tennischilar juftligi uchrashuvi. Tomonlarning biri g‘olib bo‘lganda ham hakam o‘yin yakunlanganligini bildirish uchun “match” so‘zini ishlatadi.
MATCHBOL [ingl. matchball – o‘yin taqdirini hal qiladigan to‘p] - O‘nalayotgan to‘p yutug‘i butun matchdagi g‘oliblikni qo‘lga kiritish imkonini beradigan vaziyat. Masalan, uch setli matchning ikkinchi setida setlar bo‘yicha hisob 6-3, 5-3 va geymdagi hisob 40:30 bo‘lib turgan holatda o‘yinga kiritilgan to‘p matchbol sanaladi. Chunki to‘p yutuqli bo‘lsa, hisob 6-3, 6-3 bo‘ladi va match yakunlanadi.
NETBOL [ingl. net – to‘r, ball – to‘p] - To‘p to‘rga teggan holda tezligini yo‘qotib, raqib maydoni tomoniga o‘tgan vaziyatda qo‘lga kiritilgan ochko. Netbol orqali ochko kiritgan tennischi, odatda, raqibidan uzr so‘raydi.
OCHIQ ERA - Tennis tarixining professional tennischilar musobaqasi va havaskor tennischilar musobaqalari o‘rtasidagi chegara barham topib, barcha muhim turnirlar professional turnirlar ostida birlashtirilgan bosqichi. Ochiq era 1968-yildan boshlanadi. Ochiq eraning dastlabki musobaqasi Britaniya ochiq chempionati bo‘lib, Bornmutdagi qattiq maydonlarda o‘tkazilgan. Musobaqada Virjiniya Ueyd g‘olib bo‘lgan.
OLTIN DUBULG‘A - Katta dubulg‘a turnirlari, ya’ni Avstraliya ochiq chempionati, Fransiya ochiq chempionati yoki Rollan Garros, Uimbldon turniri hamda Amerika ochiq chempionatidagi g‘liblikdan tashqari Olimpiada tennis musobaqalaridagi g‘oliblik. Masalan, nemis tennischisi Shtefi Graf shunday yutuqni qo‘lga kiritgan.
ORQA CHIZIQ - Kortning qisqa tomonidagi chiziqlar. Kortning ikkita orqa chizig‘i mavjud: maydonning bir tarafida va unga qarama-qarshi bo‘lgan ikkinchi tomonda. Yakkalik bahslarida orqa chiziq uzunligi – 8.23 m, juftlik o‘yinlarida – 10.97 m. Har bir to‘p orqa chiziqdann o‘yinga kiritiladi. Tennischilar ko‘pincha orqa chiziqda o‘ynashadi. O‘yin oxirida odatda tennischilar to‘r oldiga chiqishadi.
PROFESSIONAL TENNISCHILAR ASSOTSIATSIYASI [ingl. Association of Tennis Professionals, ATP) - 1972-yilda tennisdagi professional sportchilarning manfaatini himoya qilish maqsadida tuzilgan xalqaro tennis tashkiloti. Hozirda ushbu tashkilot ATP-tour deb nomlangan muhim tennis musobaqalarining tashkilotchisi va egasi hisoblanadi.
QATTIQ MAYDON - Tennis o‘ynaladigan zamonaviy qoplamalardan biri. Hozirda tennis musobaqalarining 40%i shunday kortlarda o‘ynaladi. Qattiq qoplamalar ham ochiq, ham yopiq tennis kortlariga o‘rnatilishi mumkin. Bunday qoplamalar akril asosga qurilib, xavfli aralashmalar va moddalardan holi. Qattiq qoplamalar beton yoki asfalt ustiga 3 dan boshlab 14 qavatgacha yotqiziladi. Bunday qoplamalar turli ranglarda bo‘lishi mumkin. Qattiq qoplamalar tezkor maydon sanaladi: ularda to‘pning sakrash tezligi yuqori, ammo bu ko‘rsatkich bo‘yicha ular chim qoplamalardan ortda qoladi.
QISQARTIRILGAN ZARBA - To‘p yo‘nalishini kesish orqali amalga oshirilgan zarba. Orqa chiziqda harakatlanayotgan tennischini kutilmagan vaziyatda qoldirish uchun qo‘llanadi.
QO‘SH XATO - Ikkinchi to‘p uzatishdagi xato (to‘p to‘rga yoki to‘p oshirish maydonchasidan tashqariga tushgan holat). Qo‘sh xatoga yo‘l qo‘ygan tennischi ochko yo‘qotadi.
RAKETKA [fr. racchetta < ital. retichetta < rete – to‘r] - Katta tennis o‘yinidagi asosiy jihoz bo‘lib, yuqori texnologiyali mahsulot bo‘lmish oval shaklidagi gardishga tortilgan simlar va tutqichdan iborat. Raketka o‘lchamlari tennischining yoshiga qarab o‘zgaradi. Hozirda mashhur tennis raketkalari ishlab chiqaruvchilariga Babolat, Head, Prince, Wilson kabi firmalar kiradi.
REVERS [ingl. reverse – orqa] - Raketkani teskari ushlab bosh uzra zarba berish.
ROLLAN GAROS [fr. Roland Garros] - Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi musobaqalarning uchinchisi bo‘lib, tuproqli kortlarda o‘ynaladi. Boshqacha nomi – Fransiya ochiq chempionati. Ilk bora Parijda 1891-yilda o‘tkazilgan. Ayollar o‘rtasida musobaqa ilk bor 1897-yilda o‘tkazilgan. XX asrning 20-yillarigacha musobaqa mahalliy ahamiyat kasb etgan. 1924-yildagi Parijdagi Olimpiada o‘yinlaridan song turnir dunyo tennischilari uchun ochiq deb e’lon qilindi. 1928-yilda tennis turniri o‘z maydoniga ega bo‘ldi. Ushbu maydon Fransiya va AQShning Devis kubogidagi javob uchrashuvi uchun qurilgan bo‘lib, mashhur aviasoz, Birinchi jahon urushi qahramoni Rollan Garros nomi bilan ataldi.
SARALANGAN TENNISCHI - Musobaqa hakamlar jamoasi tennischilar reytingi yoki tashkilotchilar qarori asosida belgilangan eng kuchli tennischilar guruhiga kiritilgan o‘yinchi. 2001-yil iyundan boshlab “Katta dubulg‘a” musobaqalarida ayollar va erkaklar o‘rtasida 32 tadan saralangan tennischi belgilanadi. Kichikroq musobaqalarda saralangan tennischilar soni 16, 8 va 4 ta bo‘lishi mumkin.
SET [ingl. set – qator, turkum] - Kamida oltita yutuqli geymgacha o‘ynaladigan tennis musobaqasi qismi. Setni o‘z hisobiga yozish uchun tennischi raqibdan ikkitaga ko‘p geymni yutib olishi lozim.
SMESH [ingl. smash – og‘ir zarba] - Forxenddan bosh ustidan tezkorlik bilan bajariladigan zarba. Uchib kelayotgan to‘pni qaytarish shaklida ham, maydonga tegib qaytayotgan to‘pni qaytarish shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
TAY-BREYK [ingl. tie – durang, break – sindirish, barham berish] - Hisob 6:6 bo‘lib turgan vaziyatda kamida 7 ta yutuqli to‘pgacha o‘ynaladigan geym. Tennischilar navbatma-navbat ikkitadan to‘p oshiradilar, ikkitadan keyin to‘p oshirish navbati raqib tennischiga o‘tadi. Tay-breykda g‘olib bo‘lish uchun 7 ta ochko to‘plagan tennischi raqibdan kamida 2 ta ochko farqi bilan oldinga chiqib olishi kerak. Agar farq 2 ta ochkodan kam bo‘lsa, geym davom etaveradi. 2024-yil 18-yanvar kuni rossiyalik Anna Blinkova hamda qozog‘istonlik Yelena Ribakinalarning Avstraliya ochiq chempionati ikkinchi davrasidagi o‘yinning 3-setidagi tay-breyk “Katta dubulg‘a” turnirlari tarixidagi eng uzoq davom etgan tay-breyk sifatida tarixga kirdi. Hal qiluvchi tay-breyk 2 soat-u 48 daqiqa davom etib, 22:20 hisobi bilan Blinkova foydasiga hal bo‘lgan.
TENNIS [fr. tenez” (“tenir”) – ushlamoq, tutmoq] - Kichkina koptokni raketka yordamida to‘rdan oshirib raqib maydoniga tushirishdan iborat sport turi. Tennis so‘zi fransuzcha “tenez” fe’lidan kelib chiqqan. Chunki tennischilar to‘p uzatishda “Тenez!” (ushla) deb baqirishgan. Tennis o‘yinlari alohida sportchilar va jufliklar o‘rtasida o‘tkaziladi. Aralash turdagi musobaqalar ham o‘tkaziladi. Ular mikst deb yuritiladi. Mikst musobaqalarida ayol va erkakdan iborat juftliklar bellashadi.
TESKARI KROSS - Diagonal bo‘ylab chap forxend yoki o‘ng bekxend orqali berilgan zarba.
UIMBLDON [ingl. Wimbledon – Angliyadagi shahar nomi] - Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi eng yirik to‘rtta turnirdan bittasi. 1877-yildan turnirning aksariyat matchlari Uimbldondagi Butuningliz laun tennis va kriket klubi maydonlarida o‘tkazilgan. 1988-yildan beri Uimbldon chim qoplamalarda o‘tkaziladigan yagona Katta dubulg‘a turniridir. Ushbu turnir har yili 80 ta televizion kompaniya tomonidan translyatsiya qilinadi. Musobaqani 3000 ga yaqin tele-, radio- va gazeta jurnalistlari yoritadi.