ABZAL [fors. ___ – asbob, ish quroli] - otni minish yoki aravaga qo‘shish uchun zarur bo‘lgan asboblar (egar-jabduq, yugan kabilar).
AGʻDARISH - Markaziy Osiy xalqlari (qozoq, o‘zbeklar)ning ommaviy milliy ot sporti oʻyini. Ushbu o‘yin ot ustidagi kurash bo‘lib, chavandozlar bir-birini ot ustidan yiqitishlari shart bo‘ladi. O‘yin chavandoshlarning egarda mustahkam tura olish mahoratini namoyish qiladi. Musobaqada qatnashish uchun kuchli otlar tanlanadi. Otlarni tanlab berishga mutaxassislar jalb etiladi.
ALLYURALAR [fr. allure – qadam tashlash] - Otning turli xil usullarda yurishi, chopishi (tantanavor holatda qadam tashlashi, yo‘rg‘alashi yoki sakrashi, chopishi). Ta’biiy allyuralar – otning oldindan o‘rgatuvsiz yurishi, yo‘rtishi, yo‘rg‘alashi, sakrashi, chopishi. Sun’iy allyuralar – otning maxsus tayyorgarlik asosida sirk san’atida yoki ot sporti o‘yinlarida tantanavor qadam tashlashi.
AMSTERDAM TO‘SIG‘I - Ot sportida otlar sakrashiga mo‘ljallangan to‘siq turi. 1928-yilda Amsterdamda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ilk marta qo‘llanganligi sababli shunday nomlangan.
ARCHAK - Qadimgi kazaklarda ot egarining yog‘och yoki po‘latdan ensiz qilib yasalgan qoshi.
AZIL [a. asil – zotdor] - Nasldor, zotdor arab oti.
BANKET [ingl. banket – tuproq devor] - Ot sportida otning sakrab o‘tishiga mo‘ljallangan tuproqdan hosil qilingan, balandligi 175 sm, eni 350-450 sm, uzunligi 3.5dan 14 m.gacha bo‘lgan to‘siq.
BARYER [fr. bargiege – to‘siq, g‘ov] - Ot sportida otda sakrab o‘tiladigan to‘siq, g‘ov. To‘siq 12 m.dan kam bo‘lmagan uzunlikda va 100-110 sm balandlikda bo‘lib, maydonda har 250-300 m.ga o‘rnatiladi. Oxirgi to‘siq marraga 200 m. qolgan joyga o‘rnatiladi.
BO‘OSM - Bolalar va o‘smirlar ot sporti maktabi.
BRICHKA [pol. bryczka, bryka – arava] - XVII asrda yaratilgan to‘rt g‘ildirakli maxsus arava bo‘lib, otga qo‘shilgan.
CHAVANDOZ - Otda yurish, ot choptirish, otda sport mashqlarini bajara oladigan inson.
CHAVANDOZLIK - Chopqir otda har xil mashqlarni bajarish va qilich o‘ynatish.
CHAVGON O‘YINI - Ot ustida uchi egri tayoq va to‘p bilan o‘ynaladigan sport o‘yini.
CHAVG‘ON [fors. _ – uchi egri tayoq] - Uchi egri qilib tayyorlangan chavg‘on o‘yini tayoqchasi.
CHOPQIR OT - Tez chopadigan, chopag‘on ot.
DERBI [ingl. derby] - Chavandozlarning uch yoshli otlarda 2414 m. masofaga chopishi musobaqasi. Ushbu sport musobaqasi birinchi marta 1780-yilda Angliyaning Epsom shahrida Edvard Smit-Stenli, Derbining 12-grafi tomonidan tashkil etilganligi uchun uning nomi bilan yuritiladi.
DOG-KART - 1 Bitta yoki qo‘sh ot qo‘shilgan bir yoki ikki o‘qli yengil ochiq arava.
2 Itlar tashiydigan ov arava.
DOSAAF - Armiya, aviatsiya va flotga koʻmaklashuvchi koʻngillilar jamiyati, ot sporti klubi.
DVUKOLKA - Bitta ot qo‘shiladigan ikki o‘rinli, bir o‘qli va ikki g‘ildirakli 180 kg yuk ko‘tara oladigan yengil arava.
EGAR - Ot ustiga taqiladigan, otga minib o‘tirish uchun mo‘ljallangan abzal.
FLYAER [ingl. flier – yeluvchi] - Ot sporti musobaqalarida qisqa va o‘rta masofaga chopish (yoki sakrashda) o‘ta chaqqonlikni ko‘rsatuvchi ot.
GALOP [fr. galop] - Otning katta qadamda sakragan holatda chopishi mashqi. Ot qadamining uzunligiga qarab oddiy, qisqa, tez kabi galop turlari farqlanadi.
GURUH BO‘LIB CHIQISH - Ot sportida chavandozlarning guruh bo‘lib chiqishi.
HIMOYA JILETI - Chavandozni ot ustidan yiqilib ketishida yoki ot qoqilib yerga ag‘anashida xavfdan saqlovchi kiyim.
HIT [ingl. heat – issiqlik, harorat; isitish] - 1 Chavandozlarning yirik sovrin uchun otda qisqa masofaga, 1600 m.ga chopish musobaqasi. Bu musobaqa Ispaniyada o‘tkaziladi.
2 Ot musobaqasida yo‘rtoqi otlarning bir martalik masofaga chopishi.
IPPODROM [yun. hippodromos – hippos – ot va dromos – yugurish joyi] - Ot sporti bo‘yicha musobaqalarni, otlar ko‘rgazmasini tashkil etishga, ot bilan bajariladigan turli mashqlarni sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus inshooot; otchopar.
IPPOLOGIYA [qad. grek. ἵππος – ot va λόγος – so‘z] - Otlarning fiziologiyasi, ko‘payishi, zotlarining yetishtirilishi hamda ot sporti masalalarini o‘rganuvchi fan.
JILOV - Ot yuganining charmdan tikilgan tizgini.
JOKEY [ingl. jockey] - 1 ot sporti musobaqalarida qatnashuvchi mohir chavandoz; otlar bilan mashq o‘tkazishni o‘rgatuvchi murabbiy.
2 Sirkda egarlanmagan ot ustida turli akrobatik mashqlarni bajaruvchi sportchi.
KAMZOL [nem. kamisol] - Ot choptirish musobaqasida chavandozlar kiyadigan kalta kamzul yoki yorqin rangdagi ko‘ylak.
KAPSYUL [fr. capsule – qopqoq, qobiq] - Ot burnining tepa qismiga og‘zini keng ochishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamda uni jarohatlardan himoya qilish uchun taqiladigan ingichka kamar. U chavandozga otning harakatlarini nazorat qilishiga ham yordam beradi. Kapsyullar oddiy (rus, ingliz kapsyullari), gannovercha, meksikancha, chex kapsyullari kabi turlarga bo‘linadi.
KARER [fr. carriere, ital. carriera – chopish] - Otning eng katta tezlikda chopishi usuli. Ot oyoqlari harakatining ketma-ketligi katta qadamlarda sakragan holatda chopishi (galop)ga, uning tezkor variantiga o‘xshaydi.
KARETA [ital. carreta] - Ikki g‘ildirakli bir ot qo‘shiladigan yengil arava.
KAVALKADA [fr. cavalkade] - Ot ustida birga harakatlanadigan chavandozlar guruhi.
KORDA [yunon. χορδή – ip] - Otning aylana bo‘ylab yurishini boshqarishga mo‘ljallangan, uzunligi 7-10 m., eni 15-20 mil. bo‘lgan tizgin, arqon.
KO‘PKARI (ULOQ) - Markaziy Osiyo xalqlari (qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, qoraqalpoq, tojik)ning milliy ot sport o‘yini. Ko‘pkarida chavandozlar yig‘ilgan maydon o‘rtasiga so‘yilgan echki yoki buzoq tanasi (uloq) tashlanadi, chavandozlarga uni otdan tushmagan holatda yerdan ko‘tarib olib, marraga olib borishi sharti qo‘yiladi. O‘yinda ikkita jamoa qatnashadi. O‘yin qoidasiga ko‘ra har bir jamoada besh kishi bo‘lishi kerak. Ko‘pkari o‘tkaziladigan maydonning uzunligi 400-500 m., kengligi 20-30 m.ni tashkil qilishi lozim. Maydonning yon tarafiga darvoza vazifasini bajaruvchi ikkita bayroq o‘rnatiladi. O‘yin boshlanishidan oldin uloq tanasini qo‘yish uchun maydon markaziga diametri 3 m. aylana chiziladi. Hakam ishorasi bilan jamoalar markaziy aylana chizig‘idan 10 m. masofaga chetga chiqib, bir qator saflanishlari kerak. O‘yin 15 daqiqa davom etadi. Agar o‘yinda durang holati kuzatilsa, ishtirokchilarga yana 15 daqiqa qo‘shib beriladi. O‘yin qoidasi buzilgan taqdirda, yon chiziq hakami tomonidan uloq tanasini olgan chavandozga aut belgilanadi va u 5 daqiqaga o‘yindan chetlashtiriladi. Bunday vaziyatda o‘yin qoida buzilgan joydan qaytatdan boshlanadi.
LANDO [fr. landau – aravacha] - XIX asrda foydalanilgan to‘rt g‘ildirakli, yumshoq ressorli, soyaboni bo‘lgan, hashamatli qoplamali, yengil yuradigan arava.
MANEJ [fr. manege, lot. manus – qo‘l] - Otda yurish uchun mo‘ljallangan usti ochiq yoki yopiq maydoncha. Manej to‘rtburchak shaklida bo‘lib, hajmi ko‘pincha 20x40 m. (yoki 20x60 m., eng kami 10x20 m.) bo‘ladi.
MANEJDA OT YUGURTIRISH - Manej maydonchasida ot choptirish mashqi.
MARRA [ingl. finish – aravacha] - Ot sporti musobaqasida chavandoz yetib borishi lozim bo‘lgan masofaning tugash joyi.
MINILADIGAN OT - Minishga o‘rgatilgan ot.
MUNDSHTUK [nem. mundstuk – aravacha] - Yuganning ot og‘zidagi metall qismi. Chavandozga otning boshini tik holatda ushlab turish va og‘zi ochilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun xizmat qiladi.
NO‘XTA - Otni yetaklash, boshqarish uchun boshiga solinadigan abzal, ot jilovi.
OKSER [ingl. oxer – aravacha] - Ot sportida otlar sakrab o‘tishi uchun yonma-yon qo‘yilgan keng va baland ikki to‘siq bo‘lib, to‘siqlar qismlari yon ustunlarga biriktiriladi.
OLOMON POYGA (ALAMAN BAYGE) - O‘rta asrlarda xalq orasida bayram kunlarida o‘tkazilgan ot poygasi. Qozog‘istonda keng tarqalgan milliy sport o‘yini. Poygani boshlashdan oldin chavandozlar bir chiziqda qator turishadi. Harakatlanishga belgi berilganda chavandozlar belgilangan joyga yetib borib, yana orqaga qaytishadi. Mo‘ljalga birinchi bo‘lib yetib kelgan chavandoz g‘olib deb hisoblanadi. Qadimda ushbu sport o‘yinida otda chopish masofasi 30, 50 km va hatto 100 kmni tashkil qilgan. Bugungi kunda bu ot sporti o‘yini 30 km masofaga poyga o‘tkaziladigan otchopar maydonlarida tashkil qilinadi. Qoidaga ko‘ra poygada faqat mahalliy ot zotlarining qatnashishiga ruxsat berilgan. Ba’zida otlar haddan tashqari uzoq masofaga chopishi oqibatida o‘lgan yoki qattiq holdan toygan. Chavandozlar otlarni yomon ko‘zlardan himoya qilish uchun ko‘pincha dumi va yelkasi yollarini o‘rab qo‘yishgan va ularga qush patlari, har xil tumorlarni bog‘lashgan.
OT AMUNITSIYASI [pol. – amunitsiya, amunicja; lot. munitio – mustahkamlash, jihozlash] - Otning egar-jabduqlari, taqasi, tasmasi, jilovi va boshqa turdagi jihozlari.
OT CHANG‘I MUSOBAQASI - Chang‘i aravasiga ulangan otda amalga oshiriladigan musobaqa.
OT CHOPTIRISH - Ot ustida o‘tirgan holda uni choptirish mashqi.
OT JABDUG‘I - Ot ustiga to‘shaladigan egar-jabduq.
OT MINISH SAN’ATI - Otga mingan holda uni mahorat bilan yurgizish, sakratish, choptirish san’ati.
OT POLOSI - Jamoaviy ot sporti turi bo‘lib, 1889-yili Yevropaga Hindiston orqali kirib kelgan. Bu musobaqada sportchilar ot ustida o‘tirgan holda yog‘och to‘qmoq bilan to‘pni darvozaga yoki xalqaga tashlaydilar. O‘yinda har bir jamoadan darvozabon, uchta hujumchi va bitta himoyachi qatnashadi. O‘yin 8 davrdan iborat bo‘lib, har bir davr 7,5 daqiqaga teng. O‘yin o‘tkaziladigan maydonning uzunligi 275 m., kengligi 150 m. bo‘lishi kerak. To‘p uriladigan darvozaning kengligi 7 m., to‘qmoqning uzunligi 1,10 m., to‘pning diametri 8 sm., otning balandligi 1,48 m.dan oshmasligi kerak.
OT POYGASI - Ot usida ma’lum masofaga yugurish poygasi.
OT SPORTI - Musobaqa shartlarini ot ustida bajarish talab etiluvchi sport turi.
OT SPORTI KLUBLARI - Ot sporti bo‘yicha ish olib boruvchi jamiyat.
OT SPORTI SHAHARCHASI - Ot sporti musobaqalari o‘tkaziladigan shaharcha.
OT SPORTI XALQARO FEDERATSIYASI (FEI) - Turli mamlakatlar ot sporti milliy federatsiyalarini birlashtiruvchi xalqaro tashkilot.
OT TAQASI - Ot tuyog‘ini zararlanishdan saqlash maqsadida tuyoq ostiga qoqiladigan yarim oy shaklidagi temir buyum.
OT USTIDA O‘RTACHA ODIM TASHLAB YURISH - Otda o‘rtacha tezlikda odim tashlagan holda harakatlanish mashqi.
OT USTIDA SILKINISH - Otda yurish vaqtida silkinish harakati.
OT VAZNINI O‘LCHASH - Ot sportida musobaqadan oldin va keyin otlarning vaznini o‘lchash.
OT VAZNINI O‘LCHASH MAYDONI - Ot sportida musobaqadan oldin va keyin otlarning vaznini o‘lchash maydonchasi.
OT ZAVODI - Otlarni ko‘paytirish, zotlarini yetishtirish bilan mashg‘ul bo‘ladigan korxona.
OTARAVA POYGASI - Otga qo‘shilgan ikki g‘ildirakli aravada amalga oshiriladigan poyga musobaqasi. Bu musobaqa ilk bor eramizdan avvalgi 393-yilda yunon va rimliklar tomonidan o‘tkazilgan.
OTCHOPAR - Ot sporti mashqlari, musobaqalar o‘tkaziladigan maydoncha, o‘yingoh.
OTDA OV QILISH - Ot sporti turi bo‘lib, unda oldindan belgilangan joyda ot ustida ov amalga oshiriladi. “Tulki dumi ovi” va “parfos ovlari” keng tarqalgan. “Tulki dumi ovi”da chavandozlar guruhi tulki dumini chap yelkasiga osib olib, oldinda borayotgan otliqni ta’qib qilishadi. Musobaqada tulki dumini birinchi bo‘lib o‘ng qo‘li bilan tortib olgan chavandoz g‘olib deb topiladi.
OTDA QISQA ODIMLASH - Otda qisqa odim tashlagan holda harakatlanish mashqi.
OTDA TEZ YELISH - Otda yuqori tezlikda harakatlanish mashqi.
OTDA VAZMIN YURISH - Otda vazminlikda, asta-sekinlik bilan qadam tashlash mashqi.
OTDA YURISH - Otda odimlash harakati.
OTNI BOSHQARISH - Otni qamchi yordamida biror bir harakatni (yurish, chopish, sakrash kabilar) bajarishga undash.
OTNI HOZIRLASH - Otni yurdirish, choptirishga yoki biror bir musobaqaga tayyorlash.
OTNI JILOVLASH - Otning boshiga no‘xta yoki yugan solish.
OTNI MINIB CHIQISH MAYDONCHASI - Otni harakatga keltirish (yurgizish, sakratish, choptirish) maydonchasi.
OTNI TEZLATISH - Otni tez yurish yoki chopishga undash.
OTNING O‘RTACHA YUGURISHI - Otning o‘rtacha tezlikda chopishi mashqi.
OTXONA - Otlarni saqlash, parvarish qilish uchun qurilgan maxsus inshooot.
PALISAD [fr. palissade – to‘siq] - Ot sporti musobaqasida taxtadan yasalgan devor ko‘rinishidagi to‘siq.
PARKUR [fr. palissade – to‘siq] - Ot sportida musobaqa o‘tkazish uchun maydonga o‘rnatib chiqilgan to‘siqlar majmuyi.
PASSAJ [fr. passage – o‘tish] - Otning yurish elementlaridan biri, mayda qadamlarda, ritmik harakatlangan holatda yurish usuli.
POYGA - Otda tekis yo‘lda 3.6 km va 9 km masofaga kimo‘zdiga chopish musobaqasi. Bu musobaqa bayramlarda o‘tkaziladi. Poygada otning yoshiga qarab masofa belgilanadi. 3 yoshgacha bo‘lgan otlar 2 km, 4 yoshgacha bo‘lgan otlar 5 km, 5 yoshdan katta otlar 9 km masofaga kimo‘zdiga chopishadi.
POYGA DASTURI - Ot poygasi musobaqasini tashkil qilish uchun tuzilgan dastur.
POYGA OTI (POYGACHI OT) - Poyga musobaqasi uchun tanlab olinadigan ot.
POYGACHI - Ot poygasi musobaqasida ishtirok etuvchi chavandoz.
QAMCHI (QAMCHIN) - Otni harakatga keltirish, choptirish, qadamini tezlatish, sakratish kabi amallarni bajartirishda ishlatiladigan dastali, qayish tasmasi mavjud aslaha.
QIZ QUVDI - Qozog‘iston va Qirg‘izistonda milliy bayramlar, festivallar vaqtida ommaviy tarzda o‘tkaziladigan milliy ot sporti oʻyini. O‘yinda yosh qizlar va yigitlar ishtirok etishadi. Ular yorqin milliy kiyimlar kiyib olishadi. Otlarni ham turli bezaklar bilan bezatishadi. Musobaqani boshlashga belgi berilgach, ot mingan qiz belgilangan joydan bayroq tomon harakatlanadi. Bir necha soniyadan so‘ng bir yigit otda uning orqasidan quvlaydi va qizdan bo‘sa olmoqchi bo‘ladi. Agar yigit belgilangan so‘nggi marragacha bu ishni amalga oshirishga ulgurmasa, endi qiz uning orqasidan harakatlanishning boshlang‘ich nuqtasiga qadar quvlab, yigitni qamchi bilan urishga harakat qiladi. Yigit va qizning bir-birini bir yo‘nalishda quvlash masofasi 400-500 m.ni tashkil qiladi.
QIZIL DEVOR - Ot sportida qo‘llanadigan to‘siq turi.
SANE - Ot sporti o‘yini bo‘lib, jamoaviy va yakka tartibda o‘tkaziladi. Musobaqada 18 yoshdan kichik bo‘lmagan, yengil vazn toifasi 65 kg, o‘rta vazn toifasi 80 kggacha, og‘ir vazn toifasi 80 kgdan yuqori bo‘lgan chavandozlar qatnashishadi. Ushbu o‘yin Markaziy Osiyoda tarqalgan. O‘yin chavandozdan otda mustahkam o‘tirish, uni epchillik bilan mohirona boshqarishni talab qiladi.
SPORT DUBULG‘ASI - Chavandozning boshini turli zarbalardan saqlovchi temir yoki po‘latdan tayyorlangan bosh kiyim.
SPORT OTI - Ot sporti musobaqalarida qatnashadigan otning maxsus turi.
START BOKSLARI - Ot sportida chavandozlarning poygaga start olishlari uchun zanglamaydigan po‘latdan yasalgan va yig‘iladigan dizaynga ega maxsus o‘rin (bokslar) bo‘lib, unda qatorlar soni 6 tadan 20 tagacha bo‘ladi.
START RAQAMI - Ot sporti o‘yinlarida musobaqani boshlash chizig‘i, belgilangan masofani bosib o‘tish joyi raqami.
STIPL-CHEZ [ingl. steeple-chase – quvish] - Ko‘p sonli to‘siqlar ustidan tez va aniq sakrab o‘ta oladigan katta, chidamli va aqlli otlar musobaqasi. Bu musobaqa birinchi marta Angliyada 1792-yilda 8 mill (taxminan 13 km) masofaga o‘rnatilgan to‘siqlar ustidan sakrab o‘tish tarzida o‘tkazilgan. Stipl-chez musobaqasida 4 yoshli otlarning 1600 m.dan 3200 m.gacha masofada, undan kattaroq yoshdagi otlarning 4500-7000 m. masofada o‘rnatilgan to‘siqlardan sakrab o‘tishi belgilangan.
SUVORI (SUVORIY) [fors. __– otda yurish, salt – miniladigan ot] - Ot mingan kishi, otliq.
SYUR-PAPAX - Ozarbayjonda keng tarqalgan ot sport o‘yini bo‘lib, bu o‘yinda sportchilar ot ustida basketbol o‘ynashadi. Ushbu o‘yinda chavandozlar halqaga basketbol to‘pini tashlash orqali o‘zlariga ball to‘playdilar. O‘yin uzunligi 300-400 m. bo‘lgan ot choptirish maydonchasida o‘tkaziladi. Maydonning bosh tomoni va oxirgi qismiga 3 m.lik ustunga diametri 50 sm.dan iborat bo‘lgan halqa o‘rnatiladi. Ustun atrofiga 5 m.lik jarima chizig‘i chiziladi. Jarima chizig‘i ichida yana 1.5 m.lik chiziq bo‘ladi. O‘yin chavandozlardan epchillik, tezkorlik, otni ustalik bilan boshqarishni talab qiladi.
TANGA OLISH - Qozoq milliy sport o‘yini. O‘yin qoidasiga ko‘ra chavandoz otda yugurishi vaqtida ro‘molchalarga o‘ralgan va bir qatorga terilgan tangalarni yerdan olishi kerak bo‘ladi. Eng ko‘p tanga yig‘gan chavandoz g‘olib deb topiladi. Qadimda tanga o‘rnida kumush quymalardan foydalanishgan. Ushbu o‘yin chavandozlardan otda osilgan holda harakatlana olish mahoratini talab qilgan.
TAQALASH - Ot tuyoqlari ostiga uni zararlanishdan saqlash maqsadida yarim oy shaklidagi temir buyumni qoqish.
TARCHIYA - Ot sporti o‘yini bo‘lib, Gruziyada keng tarqalgan. Ushbu o‘yinda ta’qibchi chavandozlar ko‘ylagining yoqasiga ro‘molcha biriktirilgan chavandozni quvib, uning ro‘molchasini olishga harakat qilishadi. Chavandoz bu ro‘molchani uch daqiqada hakamga berishga ulgurishi shart. Ro‘molchani chavandozlar ta’qibiga qaramay, marra chizig‘iga birinchi bo‘lib olib kelgan otliq g‘olib sanaladi.
TIZGIN - Otni boshqarish uchun xizmat qiladigan uzun tasma yoki chizimcha.
TOʻSIQLARDAN SAKRASH - Ot sportida chavandozning belgilangan to‘siqlardan mohirlik bilan sakrab o‘tishi talab etiladigan musobaqa turi.
TO‘QIM - Jazliq yoki egar ostiga qo‘yiladigan, kigizdan tikilgan ot-ulov abzali.
UCHKURASH - Ot sporti musobaqalari majmuyi bo‘lib, manejda otda yurish, belgilangan marraga to‘siqlardan sakrab o‘tish orqali yetib kelish va qiyin turdagi to‘siqlardan sakrab o‘tish musobaqalarini qamrab oladi.
ULOQ - 1. Ko‘pkari o‘yinida o‘rtaga tikilgan so‘yib tashlangan buzoqcha yoki eski bolasi.
2. Uloq musobaqasi, ko‘pkari.
ULOQ CHOPISH - Uloq (ko‘pkari) musobaqasida ishtirok etish.
ULOQCHI - Uloq musobaqasi ishtirokchisi.
ULOV - Minib yuriladigan hayvon (ot, eshak kabilar).
VALTRAR [ital. qualdrappa] - Otning egari ostiga yopiladigan movut yoki baxmaldan tikilgan choyshabcha.
VETERINAR REGLAMENT - Ot musobaqalarida belgilangan tartib-qoidalar.
VIYEZDKA - Oliy chavandozlik maktabi hamda olimpiya o‘yinlariga kiritilgan ot sporti turi bo‘lib, xalqaro terminologiyada dressura [fran. dressage – mashq] termini bilan ham yuritiladi.
VOLT [fr. volte – burilish] - Chavandozning ot ustida diametri 6 m. bo‘lgan aylana shaklidagi manejda yurishi mashqi.
VOLTIJIROVKA - Chopqir ot ustida amalga oshiriladigan chavandozlik mashqlari.
XORSBOL - Otda o‘ynaladigan jamoaviy sport o‘yini bo‘lib, 1970-yilda Fransiyada Jan-Pol Dyupon tomonidan o‘ylab topilgan. 1977-yilda bu sport o‘yinining rasmiy qoidalari ishlab chiqilgan. 1978-yili Fransiyada birinchi chempionati, 1992-yilda birinchi Yevropa chempionati o‘tkazilgan. Xorsbol o‘yini regbi va basketbol o‘yini elementlaridan tashkil topgan. O‘yinda raqib halqasiga ko‘proq to‘p tushirish sharti qo‘yiladi. Xorsbol o‘yini ikki jamoa o‘rtasida kattaligi 65×25 m.dan iborat bo‘lgan maydonda o‘tkaziladi. Maydonning ikki tomoniga 3.5 m.lik ustunga diametri 1 m. bo‘lgan basketbol halqasiga o‘xshash halqa o‘rnatiladi. O‘yin 10 daqiqadan 2 taym davom etadi. Taymlar orasida o‘yinchilarga 3 daqiqa tanaffus beriladi.
YILQICHILIK - Otlarni urchitish, ko‘paytirish, zotdor turlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadigan chorvachilik tarmog‘i.
YORG‘ALASH - Otda mayda qadam tashlab tez yurish mashqi.
YO‘RG‘A - Mayda qadam tashlab tez yuradigan ot (yoki eshak).
YO‘RTIB CHOPISH - Yirik qadam tashlab chopish, yelish (otga nisbatan).
YO‘RTOQI OT - Yirik qadamda chopadigan ot.
YO‘RTOQI OTLAR MUSOBAQASI - Ot aravaga qo‘shilgan bir xil yoshdagi yo‘rtoqi otlarning belgilangan masofaga kimo‘zarga chopish musobaqasi. Musobaqa ikki g‘ildirakli aravaga qo‘shilgan otda o‘tkazilgan. Ushbu musobaqa ilk bor XVII asrda Buyuk Britaniyada yo‘rtib tez yuguradigan zotli otlarda tashkil qilingan.
YUGAN - Otni boshqarish maqsadida uning boshiga solinadigan suvliq, tizgin va qayish tasmadan yasalgan abzal.